18.05.2023 1455

Joriy yilning 18-may kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “O‘zbekiston-Germaniya: hamkorlikning yangi bosqichi” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

 Mazkur tadbirda Senat a’zolari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Bundestag bilan hamkorlik bo‘yicha deputatlik guruhi a’zolari, Tashqi ishlar vazirligi rahbariyati, Germaniyaning O‘zbekistondagi va O‘zbekistonning Germaniyadagi elchilari, Ebbert jamg‘armasi, Sharqiy qo‘mita vakillari Germaniya iqtisodiyoti kafedrasi, Toshkentdagi Gyote instituti, Berlin tarix muzeyi, O‘zbekiston madaniyati va san’atini rivojlantirish jamg‘armasi, Savdo-sanoat palatasi, Wiedergeburg nemis madaniyat markazi, shuningdek, JIDU professor-o‘qituvchilari va talabalari ishtirok etdi.

Davra suhbati doirasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 2-3-may kunlari Germaniyaga rasmiy tashrifi yakunlari bo‘yicha keng muhokama bo‘lib o‘tdi va bu O‘zbekiston-Germaniya hamkorligini yanada mustahkamlash uchun katta istiqbollarni ochdi.

Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori Sodiq Safoyev so‘zga chiqib, O‘zbekiston rahbarining Germaniyaga tashrifi, shubhasiz, tarixga yangi bosqich sifatida kirishini ta’kidladi. O‘zbekiston-Germaniya strategik sherikligi mamlakatimiz bilan Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi hamkorlik uchun yangi ufqlarni ochadi.

U sammit yakunlari bo‘yicha 16 ta hujjat, jumladan, Moliyaviy hamkorlik to‘g‘risidagi bitim, 2024-2030-yillarga mo‘ljallangan strategik hamkorlik to‘g‘risidagi qo‘shma bitim deklaratsiyasi va boshqa hujjatlar imzolanganini qayd etdi. Xususan, deklaratsiyada ikki davlatning xavfsizlik, taraqqiyot, inson huquqlari va mintaqaviy integratsiya masalalari bo‘yicha hamkorlikni kengaytirishga tayyorligi qayd etilgan. Ushbu hujjat ham hozirgi keng ko‘lamli geosiyosiy muammolar nuqtai nazaridan hamkorlikni faollashtirish alohida ahamiyatga ega ekanidan dalolat beradi.

F.Ebbert jamg‘armasi boshqaruvi a’zosi, Germaniya Federativ Respublikasi sobiq adliya vaziri doktor Herta Doubler-Gmelin O‘zbekistonda muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgan islohotlar fonida Germaniya bilan hamkorlik tobora kengayib borayotganidan mamnunligini bildirdi.

Muhokama chog‘ida tadbir ishtirokchilari Germaniya Yevropa Ittifoqi davlatlari orasida O‘zbekistonning eng yirik savdo va sarmoyaviy hamkori ekanligini ta’kidladilar.

Germaniya tomoni vakillari Prezident Sh.Mirziyoyevning jahon iqtisodiyotidagi keng ko‘lamli va jiddiy zarbalarning yangi voqeliklarida O‘zbekiston nemis biznesi uchun samarali va ishonchli platformaga aylanishga tayyorligi haqidagi bayonotiga e’tibor qaratdi.

Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston rahbarining Germaniyaga tashrifi chog‘ida bo‘lib o‘tgan biznes-forum yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlarning misli ko‘rilmagan ko‘lami alohida ta’kidlandi.

Davra suhbati ishtirokchilari mintaqa barqaror rivojlanishining garoviga aylangan Markaziy Osiyoda tinchlik, ishonch va sheriklik muhitini yaratishda O‘zbekiston rahbariyatining muhim roliga alohida e’tibor qaratdi.

Ikki tomonlama madaniy-gumanitar hamkorlikning yuqori dinamikasi ijobiy baholandi. Keyingi yillarda O‘zbekistonda nemis madaniyati va nemis tilini o‘rganishga qiziqish ortib bormoqda. Germaniyada o‘zbek tarixi va madaniyatiga qiziqish ortib borayotganining yana bir dalili “O‘zbekiston arxeologik xazinalari” ko‘rgazmasiga tashrif buyuruvchilar sonining ko‘pligi bo‘ldi.

JIDUda bo‘lib o‘tgan davra suhbati ishtirokchilari muhokama yakunlarini sarhisob qilar ekan, O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi muloqot mutlaqo yangi konstruktiv va o‘zaro manfaatli sheriklik darajasiga ko‘tarilayotgani ikki davlat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik uchun katta istiqbollarni ochayotganini bir ovozdan ta’kidladilar.