27.04.2023 868

Joriy yilning 26-aprel kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiy taraqqiyotida Konstitutsiyaviy islohotlarining ahamiyati” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki, mamlakatimizning boshqa vazirlik va idoralari rahbarlari, ilmiy-tadqiqot institutlari ekspertlari, O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik missiyalar va xalqaro tashkilotlar rahbarlari, yetakchi davlat va xususiy kompaniyalar, OAV vakillari, xorijiy oliy ta’lim muassasalari, universitet professor-o‘qituvchilari hamda talabalar ishtirok etdi.

Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori Sodiq Safoyev ochib berar ekan, yangilanayotgan Konstitutsiyadagi o‘zgarishlar muhim ahamiyatga ega bo‘lgan prinsipial qoidalar ekanligini hamda mamlakat iqtisodiyoti rivojlanishining asosi bo‘lgan o‘zgarishlarni keng doirada muhokama qilish, ekspertlar va tadqiqotchilar bilan o‘rganib chiqish bugungi kundagi eng dolzarb masala ekanligini qayd etdi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Hakimov yangilanayotgan Konstitutsiyani o‘rganish har bir fuqaro, ayniqsa, ziyoli professor-o‘qituvchilar, ekspertlar uchun zarur va bunday o‘zgarishlarni mamlakatimiz iqtisodiyotiga qanchalik ijobiy ta’sir ko‘rsatishini tahlil qilish muhim hisoblanishini ta’kidladi.

Tadbirda so‘zga chiqqan Isroilning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Zehavit Ben Hillel xonim so‘nggi yillarda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar jahon hamjamiyati tomonidan yuqori baholanayotganligini aytib, yangilanayotgan Konstitutsiyada ko‘rsatilgan o‘zgarishlar O‘zbekistonning xalqaro ko‘rsatkichlarini yaxshilab, malakatga xorijiy investorlarning kirib kelishida ijobiy samara berishi mumkinligini aytib o‘tdi.

Shu bilan birga, konferensiyada onlayn tarzda ishtirok etgan yaponiyalik mustaqil moliyaviy tahlilchi Shinichiro Kiyozava hamda AQShning Alabama universiteti professori Xasan Isomitdinovlar o‘z so‘zlarida O‘zbekiston iqtisodiyotining xorijiy moliya markazlari uchun ochiqligi kelgusida ulkan samaralar berishini ta’kidlab o‘tdi.

Xalqaro anjumanda Bangladeshning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Zahangir Alam, Strategik tahlil va istiqbolni belgilash oliy maktabi dotsentlari Sh.Tajiyev, va Sh.Muqimovlar, O‘zbekiston Sanoat-qurilish banki departament direktori I.Xudoyberganov, Toshkentdagi Vestminster xalqaro universiteti professori Dr.Naqeeb ur-Rehman, JIDU professorlari I.Mavlanov va N.Sirojiddinov hamda dotsent G.Gulyamovalar ham o‘z ma’ruzlari bilan ishtirok etishdi.

Ma’ruzalar muhokamalari davomida O‘zbekistonning yangilanayotgan Konstitutsiyasi kelgusida malakatimizning jadal rivojlanishini ta’minlashi ta’kidlandi. Shu bilan birga, mamlakatimizda boshqaruv tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, davlat xizmatlarini yuqori sifatda ko‘rsatishga mo‘ljallangan ixcham, lekin ayni paytda yuqori samarali davlat boshqaruvi tizimini yaratish muhimligi ta’kidlanadi. Bundan tashqari, ekspertlar konstitutsiyaviy islohot xorijiy sarmoyani jalb etish uchun yanada qulay shart-sharoit yaratayotganini alohida ta’kidladi.