Yangi Konstitutsiya: Oʻzbekiston taraqqiyot paradigmasining oʻzgarishi
26.04.2023 912
Hozirda davlat boshqaruvini modernizatsiyalash va liberallashtirishga oid islohotlar natijasida har tomonlama rivojlanayotgan davlatning ijtimoiy himoya siyosati uchun imkoniyatlar va zaruratlar oshib borayotgan mamlakatimiz jamiyati uchun, yangi Konstitutsiya – tabiiy zarurat hisoblanadi.
2021-yilning oxirlariga kelib, davlatimiz rahbari tomonidan yurtimizda konstitutsiyaviy islohotlar tashabbusi ilgari surildi. Shu oʻtgan davr mobaynida, 1992-yilda qabul qilingan Asosiy Qonunimiz maʼnan ancha eskirganligi koʻp marta aytildi. Haqiqatda, Oʻzbekistonning hozirgi Konstitutsiyasi konseptual oʻzgarishlarga muhtoj ekanligi koʻp yillardan beri ziyolilar va siyosatshunoslar tomonidan taʼkidlanib kelinadi.
Hozirgi vaqtda Oʻzbekistonda boshlangan konstitutsiyaviy islohotlar davlatning va jamiyatning ehtiyojlari oʻrtasidagi kompromis boʻlishi ehtimoli yuqori sanaladi. Jamiyat uchun huquqiy-demokratik davlatchilikka yanada tez oʻtish gʻoyasi, albatta, jozibador hamda Yangi Oʻzbekiston uchun oʻrinlidir.
Joriy Konstitutsiyamiz 1992-yil 8-dekabrda qabul qilingan boʻlib, oʻsha davrdagi ancha sodda siyosiy va huquqiy qarashlarni oʻzida mujassamlashtirgan edi. Bugungi kunga kelib amaldagi Bosh Qomusimiz allaqachon jiddiy islohotlarga muhtoj edi. Unda qadriyatlar boʻlimi mexanizmlar joriy qilish darajasiga bormagan. Bundan tashqari, davlat institutlari hamda ular oʻrtasidagi vakolatlar muvozanati borasida ham jiddiy nomutanosibliklar yaqqol koʻzga tashlanishi haqiqat.
Maʼlumki, Konstitutsiyamiz konseptual islohotlarga muhtoj. Konseptual deganda, avvalo, Asosiy Qonunning ruhiyati, ohangi jiddiy oʻzgarishi, qadriyatlar chuqur va keng taʼkidlanishi kerak, yaʼni, konstitutsion qadriyatlar ijtimoiy fikrda chuqur muhrlanish darajasiga yetib borishi kerak. Siyosiy institutlar va ular oʻrtasidagi vakolatlar esa, jiddiy bir shaklda qayta koʻrib chiqilishi maqsadga muvofiq sanaladi.
Aholimiz ongida bir qarash borki, unga koʻra “Konstitutsiya imkon qadar zamonlar va makonlar osha universal boʻlishi kerak” deyiladi. Aslida, mamlakatlarning Konstitutsiyalari oʻzgarib, takomillashtirilib turishi – davlatlar tajribasida normal holat sanaladi. Dunyo tajribasiga nazar soladigan boʻlsak, baʼzi demokratik davlatlarda haliga qadar Konstitutsiyalar mavjud emas. Boshqalarida esa, koʻplab muhim huquqiy-siyosiy jarayonlar Konstitutsiya boʻlimlari va moddalari bilan emas, qonunlar va boshqa huquqiy aktlar bilan tartibga solinadi. Shuning uchun ham, bu yerda asosiy masala, bu Konstitutsiyalarning qanchalik tez oʻzgarishi emas, oʻzgarishlarning mazmun-mohiyati, deb bilamiz.
Borgan sari aholisi katta tezlikda oʻsayotgan, oʻrta sinf qatlami kengayib borayotgan Oʻzbekiston jamiyati uchun, yangi Konstitutsiya – tabiiy zarurat deb bilamiz.
Soʻnggi 6 yilda mamlakatimizning davlat boshqaruv falsafasi oʻzgardi. Avtoritarizm, ijtimoiy tafakkurni qoʻrquv bilan boyitish siyosati tarixda qoldi. Hozirgi Oʻzbekistonda ratsional boshqaruv shakllanib ulgurdi, deb ayta olamiz. Davlat hokimiyati, ichki va tashqi siyosatda vazminlik va ratsionallik orqali muammolarni tushunish, rasmiylashtirish va yechim izlash tizimini shakllantirib ulgurdi.
Buning natijasida, mamlakatimizning ichki va tashqi siyosatidagi dunyoqarashi, tafakkuri va harakatlar strategiyasi mutlaq boshqa oʻzanga koʻchdi. Bu omillar hisobiga, Oʻzbekistonda yangi Konstitutsiya qabul qilish – davlat tafakkuri va global reputatsiyasini oʻzgartirish yangi dunyoqarashni rasmiylashtirishning tarixiy shartlaridan biri hisoblanadi.
Biz yangi Konstitutsiya qabul qilar ekanmiz, endigi yondashuv, ushbu qabul qilingan yangi Asosiy Qonun ijrosiga jiddiy ahamiyat qaratishimiz lozim boʻladi. Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda fuqarolik jamiyati beixtiyor shakllanib, mustahkamlanib borishi, shubhasiz. Buning ichki va tashqi sabablari ham juda kuchli hisoblanadi.
Darhaqiqat, 30-aprel kuni boʻlib oʻtadigan muhim siyosiy jarayon bugungi kunda nafaqat yurtdoshlarimizning, balki jahon hamjamiyatining diqqat markazida ekanligini alohida taʼkidlashimiz zarur. Xalqimizdan tushgan takliflar asosida tayyorlangan Konstitutsiyaviy qonun loyihasi Yangi Oʻzbekistonni qurish, mamlakatimizda inson qadrini yanada yuksaltirishda muhim ahamiyatga ega.
2022-yil 30-iyunda Yoshlar kuni munosabati bilan oʻtkazilgan tantanali bayram tadbirida davlatimiz rahbari yoshlarga qarata: “Albatta, yangilanayotgan Konstitutsiya, bu – Sizlarning Konstitutsiyangiz!”, deya Yangi Konstitutsiyamizda yoshlarning huquqlari va qonuniy manfaatlari ustuvor ahamiyat kasb etishi haqida taʼkidlagan edilar.
Yangilanayotgan Konstitutsiyamizda xalqimizning 60%dan ortigʻini tashkil qiluvchi yoshlarga berilayotgan eʼtiborni alohida taʼkidlashimiz zarur. Yoshlarning taʼlim olishi, uy-joyli boʻlishi, tibbiy va ijtimoiy himoyasi, bandligi uchun shart-sharoitlar yaratish davlatning konstitutsiyaviy majburiyati ekani belgilanmoqda. Quvonarlisi shundaki, Bosh qomusimizda yoshlar uchun alohida bob ajratilgan.
Mazkur bobda davlatning majburiyati sifatida yoshlarni himoya qilish, ularning huquqlarini amalga oshirish uchun sharoitlar yaratish boʻlsa, ota-onalarning majburiyati sifatida esa farzandlari voyaga yetguniga qadar nafaqat boqish va tarbiyalash, balki ularning taʼlim olishi, sogʻlom va har tomonlama kamol topishi uchun gʻamxoʻrlik qilishi belgilanmoqda. Bu esa oʻz navbatida yosh avlod hayotini yaxshilash, ularning orzu-istaklarini roʻyobga chiqarish hamda hayotda oʻz oʻrinlarini topishlari uchun imkoniyat yaratadi.
Bundan tashqari, mazkur konstitutsiyaviy qonun loyihasida inson huquq va erkinliklarini taʼminlash davlatning oliy majburiyati etib belgilanmoqda. Inson va davlat organlari oʻrtasida yuzaga keladigan noaniqliklar inson foydasiga talqin qilinishi, huquqiy taʼsir choralari qonuniy maqsadga erishish uchun munosib va yetarli boʻlishi kerakligi qayd etilgan. Albatta, ushbu qoidalar inson huquqlari ustuvorligini taʼminlash bilan bir qatorda, davlat idoralarining oʻz vazifalarini inson huquqlariga rioya qilgan holda amalga oshirishda masʼuliyatini oshiradi.
Yangilanayotgan Konstitutsiyaga koʻra, Oʻzbekistonning ijtimoiy davlat sifatidagi maqomi va masʼuliyati kuchaytirilmoqda. Ijtimoiy davlat oʻzi nima? Oʻzbekiston ijtimoiy davlat boʻlish vazifasini uddalay oladimi? Agar eʼtibor beradigan boʻlsak, dunyodagi eng farovon davlatlar va insonlar eng baxtli yashayotgan davlatlar bu – ijtimoiy himoyasi kuchli boʻlgan davlatlardir. Misol uchun, Gʻarbiy Yevropadagi aksariyat davlatlar oʻzlarini ijtimoiy davlat deb hisoblaydi. Germaniya, Fransiya, Gollandiya yoki Kanada kabi shunday juda koʻp mamlakatlar borki, ularda insonlarni ijtimoiy himoya qilish davlatning birlamchi fundamental vazifalaridan biri sanaladi. Boy va farovon boʻlgan davlatlar dunyoda kam mas, albatta. Lekin ijtimoiy himoyasi kuchli boʻlgan davlatlardagina insonlar oʻrtasidagi, jamiyat oʻrtasidagi ziddiyatlar u qadar kuchli emas. Misol uchun, yalpi ichki mahsulotiga koʻra, Amerika Qoʻshma Shtatlari nihoyatda boy davlat. Lekin Amerikadagi 1% aholi qolgan 99% aholidan koʻra boy va qudratli hisoblanadi. Ijtimoiy himoyasi kuchli boʻlgan Germaniyada esa unday emas. Chunki insonlar imkoniyatlari, iqtisodiy va siyosiy qudrati oʻrtasidagi tafovut u qadar katta emas. Tarixdan maʼlumki, XX asrda eng katta kurashlardan bittasi ham tenglik uchun boʻldi. Ijtimoiy davlatchilikning fundamental gʻoyasi ham bu – tenglik. XX asrda tenglikni taʼminlash uchun juda ham katta va ziddiyatli boʻlgan ikki model maydonga chiqdi. Bir tomondan, tenglikni taʼminlash uchun erkinlikdan voz kechish va repressiv mashina va bosimlar orqali insonlarning tengligini taʼminlash. Bunga Sobiq Sovet Ittifoqi, Xitoy Xalq Respublikasi, Shimoliy Koreya, Kuba va boshqa koʻplab sotsialistik va kommunistik davlatlar misol boʻla oladi. Ularning baʼzilari bugungi kunda ham hayot. Ikkinchi katta model bu – sotsial-demokratik davlatlar. Yaʼni, erkinlikdan voz kechmasdan, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini kuch ishlatmasdan davlatda yigʻiladigan soliqlar hisobiga ijtimoiy himoya qilish siyosati koʻzga koʻrinadi. Misol uchun, II Jahon urushidan keyingi Germaniya, Fransiya, Gʻarbiy Yevropadagi juda koʻp davlatlar borki, ular erkinlikdan voz kechmasdan davlatning huquqiyligini taʼminlagan holda, jamiyatga maksimal erkinlik berib insonlarni yumshoq vositalar bilan teng qilishga harakat qildi. Yaʼni, boylarni kambagʻal qilishga emas, qashshoqlarni qoʻshimcha imkoniyatlar yaratib berish orqali ularni oyoqqa turgazishda yordam berdi. Ijtimoiy davlatning asosiy vazifasi qahshoq va kambagʻal qatlamni qisqartirish va yoʻqotish hamda ularga imkoniyat berish hisoblanadi.
Yangilanayotgan Konstitutsiyada Oʻzbekistonning ijtimoiy davlat sifatidagi roli mustahkamlanib, davlat oʻziga koʻplab ijtimoiy majburiyatlarni olmoqda. Bu esa yaqin yillarda yurtimizda aholi oʻrtasida kambagʻallik darajasining keskin pasayishiga hamda oʻrta sinfning ortishiga olib borishini prognoz qilish mumkin.
Xulosa qilib aytadigan boʻlsak, xalqimizning, ekspert va mutaxassislarning takliflari, xalqaro va xorijiy davlatlarning tajribasi inobatga olingan holda tayyorlangan Konstitutsiyaviy qonun loyihasi xalqimizning farovon hayoti uchun mustahkam huquqiy asos boʻlib xizmat qiladi.
Ismailova Gulnoza Saydiganixodjayevna,
Ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektor,
yuridik fanlar doktori, professor
Dilmurodov Dilmurod Dilshodjon oʻgʻli,
Xalqaro munosabatlar fakulteti 3-bosqich talabasi