24.04.2023 772

Darhaqiqat, joriy yilning 30-aprel kuni bo‘lib o‘tadigan muhim siyosiy jarayon hozirda nafaqat yurtdoshlarimizning, balki jahon hamjamiyatining diqqat markazida ekanligini alohida e’tirof etishimiz darkor. Xalqimizdan kelib tushgan takliflar asosida tayyorlangan Konstitutsiyaviy qonun loyihasi Yangi Oʻzbekistonni qurish, mamlakatimizda inson qadrini yanada yuksaltirishda muhim ahamiyatga ega.

Aslida, Konstitutsiyaning yangilanishiga qanday zarurat tug‘ildi? So‘nggi 6 yil davomida erishgan yutuqlarimizni, jumladan, iqtisodiyot, inson huquqlari, so‘z va e’tiqod erkinligi, odil sudlov hamda ijtimoiy himoya yo‘nalishidagi ko‘plab cheklovlarning olib tashlanganligi, naqd pul, kredit va valyuta masalasidagi muammolarimiz hal qilinganligi, yaqin qo‘shnilarimiz bilan oramizdagi 25 yillik “muzlar erigani” va shunga o‘xshash ko‘plab ijobiy harakatlar ortga qaytmasligining konstitutsiyaviy himoyasini ta’minlash zarur va bu orqali kelajak avlodlarimiz ham bu huquq va erkinliklardan foydalanishi uchun uni Asosiy Qonunimizda muhrlab qo‘yishimiz lozim.

Bugungi globallashgan va tahlikali dunyoda har kuni kutilmagan tahdidlar va xavf-xatarlar yuzaga chiqayotganligi hech kimga sir emas. Qolaversa, mintaqamizda 50 yillik kelishmovchiliklar haligacha davom etib kelmoqda. Albatta, bularning barchasi bizga o‘z ta’sirini sezdirmasdan qolmaydi.

Shuni alohida ta’kidlashimiz lozimki, O‘zbekiston hozirda har jihatdan katta davlatga aylanmoqda. Postsovet hududidagi eng katta demografik o‘sish bizda kuzatilmoqda. Aholimizning soni 2040-yilga kelib 50 millionga yetishi prognoz qilinmoqda. Albatta, davlat o‘z aholisiga munosib hayot sharoiti yaratishi uchun barqaror iqtisodiyot, tinchlik, samarali boshqaruv hamda ijtimoiy himoyani kafolatlashi lozim. Aynan bu kafolatlarning mamlakat Konstitutsiyasida o‘z aksini topishi davlatning o‘z fuqarolari oldida javobgarligini oshiradi, albatta.

Yangilanayotgan Konstitutsiyamizning o‘ziga xos jihati shundaki, u avvalgilariga o‘xshab olimlar tomonidan kabinetlarda o‘tirib, loyihasi tayyorlanib, xalq muhokamasiga qo‘yilmadi. Balki ikki bosqichda xalqdan takliflar yig‘ilib, ular asosida loyiha tayyorlandi. Bundan tashqari, loyiha 6 turdagi ekspertizadan o‘tkazilish bilan bir qatorda, 190 dan ortiq mamlakatlar tajribasi ham o‘rganildi, rivojlangan davlatlar tajribasidan andoza olindi. Loyihada barcha qatlamdagi fuqarolarimizning manfaatlari inobatga olinganligidan kelib chiqib, ushbu yangi tahrirdagi Asosiy Qonunimizni “Xalq Konstitutsiyasi” deb atasak o‘rinli bo‘ladi.

Raqamlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, Bosh Qomusimiz deyarli 65%ga yangilandi. Amaldagi moddalar soni 128 tadan 155 taga, normalar soni esa 275 tadan 434 taga yetkazildi.

Konstitutsiyaning 1-moddasida O‘zbekiston – suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat ekanligi qat’iy belgilab qo‘yilmoqda. Tariximizda ilk bora mamlakatimiz ijtimoiy davlat deb belgilanmoqda. Ya’ni, bu bilan davlat o‘z fuqarolariga g‘amxo‘rlik va e’tiborni o‘zining eng asosiy burchi sifatida belgilamoqda. Ilgari “davlat – jamiyat – inson” degan tamoyil bo‘lgan edi. Yangilanayotgan Konstitutsiyaga ko‘ra, mazkur tamoyil “inson – jamiyat – davlat” tamoyiliga o‘zgartirildi. Bu esa mamlakatimizda inson qadrini birinchi o‘ringa qo‘yilayotganligidan dalolatdir. Umuman olganda, bu bilan davlatning ijtimoiy sohadagi majburiyatlari bilan bog‘liq normalar 3 barobarga ortmoqda.

Xususan, aholi orasida ishsizlikni oldini olish, kambag‘allikni qisqartirish borasida davlatning majburiyatlari ortishi ijtimoiy davlatning muhim belgilaridan hisoblanadi. Bundan tashqari, fuqarolarning uy-joyli bo‘lish huquqi hamda uy-joyidan mahrum etilgan aholiga uy-joyning qiymati va u ko‘rgan zararning o‘rnining to‘liq qoplab berilishi belgilanishi ularning hayotdan rozilik darajasini oshiradi.

Bundan tashqari, ishsiz fuqarolarga ijtimoiy ta’minot olish huquqi mustahkamlanishi, pensiya va nafaqalarning miqdori eng kam iste’mol xarajatlaridan oz bo‘lishi mumkin emasligini belgilanishi natijasida aholimizning ehtiyojmand qatlamlarining davlat tomonidan ijtimoiy yordam olish imkoniyatini kafolatlaydi.

Tovarlar va xizmatlarning erkin harakatlanishi va realizatsiya qilinishini noqonuniy cheklashni oldini olish va mehnat resurslarini erkin harakatlanishini ta’minlash maqsadida mamlakatimiz hududida iqtisodiy makon birligi, xizmatlar, tovarlar, mehnat resurslari va moliyaviy mablag‘larni erkin harakatlanishini ta’minlash mustahkamlanmoqda.

Konstitutsiyamizda ilk bora yerning xususiy mulk bo‘lishi belgilanishini inqilobiy yangiliklardan biri bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Bu esa, o‘z navbatida, mulkchilik munosabatlaridagi bo‘shliqni to‘ldirishga zamin yaratadi.

Loyihaning IX bobiga ko‘ra, fuqarolarning iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va ekologik huquqlari aniq va ravshan belgilab o‘tilgan. Har bir shaxs mulkdor boʻlishga haqli ekanligi, bank operatsiyalarining, omonatlarning va hisobvaraqlarning sir tutilishi, shuningdek, meros huquqining qonun bilan kafolatlanishi, har kim munosib mehnat qilish, kasb va faoliyat turini erkin tanlash, xavfsizlik va gigiyena talablariga javob beradigan qulay mehnat sharoitlarida ishlash, mehnati uchun hech qanday kamsitishlarsiz hamda mehnatga haq toʻlashning belgilangan eng kam miqdoridan kam boʻlmagan tarzda adolatli haq olish, shuningdek, ishsizlikdan qonunda belgilangan tartibda himoyalanish huquqi hamda mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdori insonning munosib turmush darajasini taʼminlash zarurati hisobga olingan holda belgilanishi davlatning o‘ziga o‘z fuqarolarining iqtisodiy huquqlarini ta’minlash kafolatini olganligidan dalolat beradi. 

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, xalqimizning, ekspert va mutaxassislarning takliflari, xalqaro va xorijiy davlatlarning tajribasi inobatga olingan holda tayyorlangan Konstitutsiyaviy qonun loyihasi  xalqimizning farovon hayoti uchun mustahkam huquqiy asos boʻlib xizmat qiladi.

Mirzoumid XAMDAMOV,
Xalqaro iqtisodiyot va menejment fakulteti dekani, iqtisod fanlari nomzodi, dotsent

Javoxir IMAMOV,
Xalqaro iqtisodiyot va menejment fakulteti 2-bosqich talabasi