Italyan va Ispan tillari haftaligi
15.02.2017 29750
2017 yilning 7-10 fevral kunlari Til-ta’lim markazi Roman-german tillari kafedrasi italyan va ispan tili o‘qituvchilari hamda talabalari tomonidan “Italyan va Ispan tillari haftaligi” tashkil qilindi.
Ushbu haftalikning birinchi kunida italyan va ispan oshxonasining milliy taomlariga bag‘ishlangan taomlar ko‘rigi o‘tkazildi. Ushbu taomlar ko‘rigi universitetning “G” binosi 318 – o‘quv xonasida tashkil etildi. Taomlar ko‘rigini Roman-german tillari kafedrasi mudirasi V.Mamatkasimova kirish so‘zi bilan ochib berdi. V.Mamatkasimova avvalo, “Italyan va Ispan tillari haftaligi”bilan hamda ushbu taomlar ko‘rigida o‘zlari tayyorlagan mazali taomlari bilan ishtirok etgan barcha talabalarni va yig‘ilgan mehmonlarni qutladi. Bundan so‘ng, taomlar ko‘rigida taqdim etilgan, italyan va ispan oshxonasi milliy taomlarining tayyorlanish jarayoni talabalarimiz tomonidan yig‘ilgan mehmonlarga batafsil tushuntirib berildi. Shu tariqa dasturxonga tortiq qilingan taomlardan yig‘ilganlar va mehmonlar bahramand bo‘lishdi va o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi.
Haftalikning ikkinchi kuni italyan bo‘limida, italyan tilida “Il Bisbetico Domato” filmi namoyish etildi. Ushbu film Italiyaning o‘tgan asr saksoninchi yillaridagi hayotiga bag‘ishlangan bo‘lib, unda italyan ijtimoiy hayotidagi o‘zgarishlar yoritib berilgan. Filmni bo‘lim talabalari bilan birgalikda tomosha qildik. Namoyish so‘ngida, italyan ijtimoiy hayotidagi o‘zgarishlarni yoritib bergan film voqeliklari, undagi qahramonlarning bir - biriga bo‘lgan o‘zaro munosabatlari yuzasidan talabalar bilan savol-javob o‘tkazildi va fikr-mulohazalar almashildi.
Haftalikning ushbu ikkinchi kuni mazkur universitetning 4 – kurs talabalari Erasmus + dasturi bo‘yicha konferensiyada o‘z taqdimotlari bilan qatnashdilar. Ushbu taqdimotga universitetimizning barcha kursdagi talabalari qatnashdilar va dastur bo‘yicha barcha kerakli ma’lumotlarga ega bo‘ldilar, shuningdek o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar. Taqdimot davomida mazkur dastur bo‘yicha tahsil olib kelgan talabalar Ispaniyadagi Kastilya la Mancha Universiteti, undagi o‘quv jarayoni, Ispaniyadagi madaniy hayot va ispan xalqining yashash tarzi haqida so‘zlab berdilar.
Haftalikning uchinchi kuni universitetning sport zalida italyan va ispan tili bo‘limi talabalari o‘rtasida futbol bo‘yicha bellashuv tashkil qilindi. Ushbu futbol uchrashuvini universitet ma’naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha prorektor o‘rinbosari R. Matenov kirish so‘zi bilan ochib berdi. Bu uchrashuvda ispan tili bo‘limi talabalari zafar quchishdi hamda o‘zlari uchun muhim bo‘lgan g‘alabani qo‘lga kiritishdi.
Haftalikning to‘rtinchi kuni universitet faollar zalida, italyan va ispan tili bo‘limi talabalari ishtirokida bayram kechasi tashkil qilindi. Tadbirni universitetning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektori V.Hoshimov kirish so‘zi bilan ochib berdi. Prorektor V.Hoshimov talabalarni “Italyan va Ispan tillari haftaligi kunlari” bilan qutlar ekan: ushbu haftalik davomida tashkil etilgan tadbirlar, uchrashuvlar va bellashuvlardan shaxsan mamnun ekanligini bildirdi. Qolaversa, bu kabi til bayramlarini tashkil etishda nafaqat aynan o‘sha tilni o‘rganuvchi talabalar, balki universitetimizning boshqa tillarni o‘rganuvchi talabalarini ham jalb qilish taklifini bildirdi. Bu esa o‘z navbatida nafaqat talabalarni o‘zaro hamjihatligini oshiradi, balki o‘zlari uchun notanish bo‘lgan mamlakat tili, madaniyati va san’ati bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lishlarini ta’kidlab o‘tdi. Shuningdek prorektor V.Hoshimov haftalik davomida tadbirlarda faol ishtirok etgan bir guruh talabalarga universitet rektori tomonidan imzolangan faxriy yorliqlarni tantanali ravishda topshirdi. Shu tariqa bayram kechasi ochiq deb e’lon qilindi va talabalar tomonidan tayyorlangan spektakl yig‘ilganlar hamda mehmonlar e’tiboriga namoyish etildi. Spektakl so‘ngida ispan va italyan tilini o‘rganuvchi talaba qizlar tomonidan tashkil qilingan raqs kechasi hamda Italiya va Ispaniya hayotiga oid savol-javob viktorinasi o‘tkazildi. Tadbir nihoyasida talabalar kechaga yig‘ilganlarning barchasini raqsga chorlashdi va hamma birgalikda miriqib raqs tushishdi.