10.03.2023 993

Joriy yilning 10-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Notarial palatasi hamda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti Xalqaro huquq fakulteti o‘rtasida yuridik kadrlarni tayyorlash sohasidagi o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Notarial palatasi raisi D.Ashurov, palata vakillari, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti prorektori O.Yusufjonov, Xalqaro huquq fakulteti dekani U.Yakubxodjaev, Yuridik klinika rahbari Z.Ubaydullaev, professor-o‘qituvchilar hamda talabalar ishtirok etishdi.

Uchrashuv davomida palata vakillari hamda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti mas’ullari tomonidan hamkorlikning dolzarb masalalari, ta’limning uzluksizligi va uzviyligi, bilim va iste’dodni rag‘batlantirish, shuningdek, ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarishning samarali integratsiyasini ta’minlash, yuqori malakali yuridik kadrlarni tayyorlashning samarali mexanizmlarini joriy etish, seminarlar, konferensiyalar, davra suhbatlari, ochiq eshiklar kunlarini muntazam ravishda o‘tkazish bo‘yicha hamda istiqbolli rejalar xususida kelishib olindi.

Tadbir yakunida talabalar ushbu memorandum tuzilayotganidan mamnunliklarini izhor etib, sohaga doir o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.