“Germaniya – Markaziy Osiyo” parlament guruhi o‘rtasida onlayn-uchrashuvi bo‘lib o‘tdi
14.02.2023 761
Joriy yilning 13-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Germaniya Bundestagi bilan hamkorlik bo‘yicha parlament guruhi va Bundestagning “Germaniya – Markaziy Osiyo” parlament guruhi o‘rtasida onlayn-uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Unda Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori Sodiq Safoyev, senatorlar, Bundestagning “Germaniya – Markaziy Osiyo” parlament guruhi raisi Oygen Shmidt va mazkur guruhning a’zolari ishtirok etdi.
Ma’lumki, “Germaniya – Markaziy Osiyo” parlament guruhi 1994-yilda tashkil etilgan. Guruh oltita davlat – Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston uchun mas’ul hisoblanadi.
Uchrashuv davomida Germaniya Bundestagi va Markaziy Osiyo davlatlari parlamentlari o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish va mustahkamlash, qonun ustuvorligi va fuqarolik jamiyati tuzilmalarini qurishni qo‘llab-quvvatlashda Germaniya parlament tizimi tajribasini o‘rganish borasida amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.
Muhokamalar chog‘ida Sodiq Safoyev O‘zbekiston va Germaniya parlamentlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish borasidagi ishlar hamda parlament guruhlari o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar nechog‘li muhim ekanligiga alohida to‘xtalib o‘tdi.
Suhbat yakunida parlamentlararo do‘stlik guruhlari doirasida muntazam ravishda muloqot o‘tkazish, navbatdagi uchrashuv kun tartibiga energetika xavfsizligi, ekologiya, ta’lim va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik masalalarini kiritib muhokama qilishga kelishib olindi.
O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati