Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti delegatsiyasi Kembrij universitetiga tashrif buyurdi
31.01.2023 1354
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Gulnoza Ismailova hamda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti huzuridagi Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti direktori o‘rinbosari Akram Umarov amaliy safar bilan Buyuk Britaniyada bo‘ldi.
O‘zbekiston vakillari safar davomida Kembrij universitetida bo‘lib o‘tgan davra suhbatida ishtirok etdilar.
Markaziy Osiyo bo‘yicha Kembrij forumi va O‘zbekistonning Londondagi elchixonasi hamkorligida tashkil etilgan mazkur tadbirda Kembrij universiteti professor-o‘qituvchilari, Yevroosiyo mintaqasi va O‘zbekiston masalalari bo‘yicha ixtisoslashgan doktorant va talabalar, Buyuk Britaniyadagi tadqiqot markazlari va ilmiy fondlari vakillari, shuningdek, Britaniya universitetlarida tahsil olayotgan yurtdoshlarimiz ishtirok etishdi.
Tadbir qatnashchilari mamlakatimizdagi modernizatsiya jarayonlari, Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va mamlakatimiz xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasining asosiy mazmun-mohiyati va yaqin kelajakda respublikani rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalar bilan tanishdilar. Iqtisodiyotni liberallashtirishning keyingi rejalari, mamlakatimizning qo‘shni davlatlar bilan siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy aloqalarni rivojlantirishga yo‘naltirilgan saʼy-harakatlari, shu jumladan, qo‘shni Afg‘onistonning xalqaro hamjamiyatga integratsiyalashuvi masalalari haqida atroflicha fikr yuritildi. Ilmiy-tadqiqot va taʼlim sohasida O‘zbekiston-Buyuk Britaniya hamkorligini rivojlantirish uchun foydalanilmagan katta salohiyat va yangi imkoniyatlar mavjudligi alohida taʼkidlandi.
Kembrij universiteti vakillari davlatimiz rahbarining Oliy Majlis va mamlakatimiz xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasining mazmun-mohiyatini hamda O‘zbekistonda 2023-yil “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili”, deb eʼlon qilinganini yuqori baholadilar. Mamlakatimizning uzoq muddatli ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini taʼminlashda inson kapitalining alohida ahamiyati borligi qayd etildi. Shu jumaladan, oliy o‘quv yurtlari o‘qituvchilari va ilmiy xodimlarini xorijiy davlatlarga ilmiy izlanishlar olib borish va malaka oshirish uchun muntazam ravishda jo‘natish tizimini yaratish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuqori baholandi.
Markaziy Osiyo bo‘yicha Kembrij forumi direktori S.Saksena O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi muhim o‘rni va rolini qayd etdi. “Mamlakatning ochiqligi, amalga oshirilayotgan siyosiy-iqtisodiy islohotlar Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishga ijobiy taʼsir ko‘rsatayotgani holda o‘zaro ishonchni mustahkamlash va manfaatli aloqalarni rivojlantirishga xizmat qilmoqda”, dedi u.
Davra suhbati yakunida tomonlar hamkorlikni yana-da rivojlantirish va tez orada O‘zbekistonda ham britaniyalik ekspertlar ishtirokida shu kabi uchrashuvlarni tashkil etishga kelishib olishdi.