28.01.2023 1016

Joriy yilning 25-yanvar kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida Parij Sakle universitetining Jan Mone nomidagi “Huquq, iqtisodiyot va boshqaruv” fakulteti delegatsiyasi tashrif buyurdi. 

Uchrashuvda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti tomonidan Rektor ofisi rahbari X.Usmanova, Xalqaro huquq fakulteti dekani U.Yakubxodjayev, Xalqaro iqtisodiyot va menejment fakulteti dekani M.Xamdamov, Roman-german tillari kafedrasi mudiri V.Mamatkasimova hamda Parij Sakle universiteti tomonidan “Huquq, iqtisodiyot va boshqaruv” fakulteti dekani Boris Bernabe hamda professor Juliyen Budon ishtirok etdi.

Muzokara davomida tomonlar oʻz oliy ta’lim muassasalari toʻgʻrisida taqdimot qilishdi. Bundan tashqari, ikki universitet oʻrtasida talaba va professor-oʻqituvchilar orasida almashinuv dasturini yoʻlga qoʻyish, huquq va iqtisodiy fanlar yoʻnalishida faol hamkorlikni yoʻlga qoʻyish kabi masalalar muhokama qilindi. Qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish borasidagi takliflar ilgari surildi, qator ma’ruzalar, konferensiyalar va davra suhbatlari o‘tkazishga kelishib olindi.

Ma’lumot uchun, Parij-Sakle universiteti 2019-yilda Fransiyaning 10 ta eng yirik universiteti, oliy maktab va tadqiqot institutlari ishtirokida tashkil etilgan. 2020-yildagi “Academic Ranking of World Universities” reytingida matematika boʻyicha 1-oʻrinni, fizika boʻyicha 9-oʻrinni, qishloq xoʻjaligi fanlari doirasida 12-oʻrinni, tibbiyot sohasida 24-oʻrinni va avtomatika sohasida 29-oʻrinni egallagan. 2021-yilgi “Shanxay reytingida” 22-oʻrinni egalladi.

Mazkur ta’lim dargohining 17 ta kampusida 48 mingta talaba tahsil oladi, magistratura yoʻnalishida – 12 mingta, doktoranturada 4,5 mingta. Shundan 42% xorijlik talabalardir.