Yaponiya Tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Yoshikava Yuumi boshchiligidagi delegatsiya Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga tashrif buyurdi
11.01.2023 1427
Joriy yilning 11-yanvar kuni O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi oʻrinbosari, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori Sodiq Safoyev Yaponiya Tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Yoshikava Yuumi boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.
Ikki tomonlama uchrashuv davomida Oʻzbekiston va Yaponiya oʻrtasidagi parlamentlararo munosabatlarni rivojlantirish, shu bilan birga, ikki mamlakat oʻrtasidagi ilm-fan, madaniy-gumanitar hamda oliy ta’lim sohasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Muhokama davomida Y.Yuumi hamkorlikni faollashtirishda: “Birinchi navbatda, Yaponiya inson omiliga qaratilgan sarmoyalarni, ya’ni ta’lim va inson salohiyatini oshirishga yo‘naltirilgan yangi rivojlanish modelini faol ilgari surish niyatida”, deb ta’kidladi.
Muzokaralar davomida tomonlar navbatdagi “III Oʻzbekiston-Yaponiya parlamentlararo forumi”ni mamlakatimizda oʻtkazishga, bu orqali ikki tomon xalq deputatlarini va viloyatlarni toʻgʻridan-toʻgʻri bog’lashga kelishib olishdi. 2023-yilning mart oyida esa ekologiya va barqaror rivojlanishga bagʻishlangan “Oʻzbek-Yapon simpoziumi”ni tashkillashtirish masalasi alohida ta’kidlandi.
Tadbirning ikkinchi qismida Y.Yuumi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (JIDU) yapon zabon talabalari bilan uchrashdi. Oʻzining kirish nutqida S.Safoyev Yaponiyani Oʻzbekistonning davr bilan sinalgan hamkori deya ta’kidlab, hozirda ikki tomonlama munosabatlar chinakam strategik hamkorlik darajasiga koʻtarilganligini ta’kidladi. Shuningdek, suhbat chogʻida JIDU va Yaponiyaning Nagoya, Tsukuba, Xokkaydo, Vaseda, Hitotsubashi kabi 10 ta universitetlari oʻrtasida yaqin hamkorlik yoʻlga qoʻyilganligini alohida e’tirof etildi.
Bundan tashqari, JIDU qoshidagi Osiyo-Tinch okeani mintaqasi tadqiqotlari markazi ishini faollashtirish va bu orqali nafaqat yapon tili, balki Yaponiyaning zamonaviy iqtisodiyoti, ichki va tashqi siyosati boʻyicha ham izlanuvlar oʻtkazish asosiy maqsad qilib belgilab olindi.
Uchrashuv soʻngida talabalar hamda universitet professor-oʻqituvchilari oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.