07.01.2023 1292

Joriy yilning 5-yanvar kuni Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori Sodiq Safoyev Yaponiyaning O‘zbekistonda yangi tayinlangan Favqulodda va Muxtor Elchisi Takashi Xatori bilan uchrashdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston-Yaponiya munosabatlarining hozirgi holati va uni yana-da rivojlantirish istiqbollari, shuningdek, ikki tomonlama parlamentlararo hamkorlik yo‘nalishlari muhokama qilindi.

Xususan, parlamentlararo hamkorlik mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirishning asosiy yo‘nalishi ekani taʼkidlandi, shu nuqtai nazardan ikki tomonlama aloqalar va o‘zaro hamkorlikni faollashtirish, ko‘p qirrali sheriklikni rivojlantirishda parlamentlarning imkoniyatlaridan keng va samarali foydalanish yuzasidan fikr almashildi.

Bunda parlamentlar o‘rtasidagi do‘stlik guruhlari faoliyatini yanada takomillashtirish, o‘zaro tashriflarni amalga oshirish lozimligi taʼkidlandi.

Shuningdek, suhbat chog‘ida ikki mamlakat ishbilarmon doiralari  va yirik kompaniyalari o‘rtasida amalga oshirilayotgan sarmoyaviy loyihalarni yanada rivojlantirish maqsadida aniq dasturlarni ishlab chiqib, amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha kelishib olindi.

©️Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati Matbuot xizmati