08.12.2022 1105

Joriy yilning 3-dekabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti huzuridagi Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar institutida “Xorijiy davlatlar zamonaviy iqtisodiy diplomatiyasining rivojlanishi va ularning tajribasini O‘zbekistonda qo‘llash imkoniyatlari” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi tashkil etildi.

Mazkur tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti, Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar institut vakillari hamda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining professor-oʻqituvchilari, doktorantlari, magistratura talabalari ishtirok etishdi.

Konferensiya ishtirokchilari Xitoy, Koreya Respublikasi, Germaniya, Hindiston, Vengriya, Shvetsiya, Polsha, Indoneziya, Birlashgan Arab Amirliklari va boshqa mamlakatlarda iqtisodiy diplomatiya rivojlanishining bugungi holatini muhokama qildilar. Yangi O‘zbekiston iqtisodiy diplomatiyasining keyingi yillarda doimiy ravishda rivojlanib borayotganligiga e’tibor qaratildi.

So‘zga chiqqanlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 5 apreldagi “O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tizimini tubdan takomillashtirish hamda tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy faoliyatning ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirishda uning mas’uliyatini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5400-sonli Farmonini respublikada iqtisodiy diplomatiya rivojiga katta turtki boʻlgani va uni tashqi siyosat va tashqi iqtisodiy faoliyatning ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirishning qudratli vositasi sifatida belgilab berganligini  ta’kidladilar.  

So‘zga chiqqanlar bugungi kunda iqtisodiy diplomatiya xalqaro maydonda iqtisodiy manfaatlarni ilgari surishning eng muhim vositasi va mamlakatning xalqaro raqobatbardoshligini mustahkamlashning qudratli dastagi ekanligini ta’kidladilar.