01.12.2022 1443

Joriy yilning 30 noyabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining “Xalqaro huquq va ommaviy huquqiy fanlar” kafedrasi tomonidan Konstitutsiyaviy islohotlarning ustuvor yo‘nalishi bo‘lgan inson huquqlari oliy ijtimoiy qadriyat sifatidagi masalalarga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy davra suhbati o‘tkazildi.

Yangi O‘zbekistonning 2022-2026-yillarga mo‘ljalllangan taraqqiyot strategiyasida o‘z ifodasini topgan va adolatli, chinakam xalq davlati barpo etishda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan vazifalarni hayotga tatbiq etish uchun konstitutsiyaviy asos, va yanada mustahkam qonunchilik bazasi talab etiladi. Shu ma’noda, Asosiy qonunni jamiyatimizning zamonaviy voqeliklari bilan uyg‘unlashtirish, Prezidentimiz boshchiligida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar mazmun-mohiyatini aks ettiradi. Fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish--tegishli normalar, tamoyillar, mexanizmlar va protsessual-huquqiy qoidalar tizimiga tayanadigan davlatning vazifasidir.

Davlat faoliyatida shaxsning maqomi, uning huquq va erkinliklarini boshqa ijtimoiy qadriyatlarga nisbatan yuqori deb bilish eng muhim tamoyillardan biridir. Inson huquq va erkinliklarining oliy qadriyat sifatida e’tirof etilishi bevosita O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasidan kelib chiqadi.

Shunday qilib, 13-moddada shunday ta’rif berilgan: “ O‘zbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy prinsiplarga asoslanadi, ularga ko‘ra inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi. Demokratik huquq va erkinliklar Konstitutsiya va qonunlar bilan himoya qilinadi.”. Inson huquq va erkinliklarini oliy qadriyat sifatida e’tirof etiladi. Shu bilan birga, bu borada normativ-huquqiy hujjatlarga alohida talablar qo'yiladi. Inson huquqlari umumjahon Deklaratsiyasida shunday deyilgan: “Har kim Konstitutsiya yoki qonun bilan unga berilgan asosiy huquqlari buzilgan hollarda vakolatli milliy sudlar tomonidan samarali himoya vositalaridan foydalanish huquqiga ega”. Bu qoida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 19-moddasida mustahkamlangan.

Shunday qilib, ilmiy-amaliy davra suhbatining maqsadi konstitutsiyaviy islohotlarni yanada rivojlantirish istiqbollariga oid taklif va tavsiyalar ishlab chiqish, inson huquqlari himoyasini ta’minlashning konstitutsiyaviy asoslarini takomillashtirish bo‘yicha fikr, amaliy  tajriba va bilim almashish uchun ilmiy platforma yaratishdan iborat edi.