23.11.2022 1020

Joriy yilning 21-noyabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida Buyuk Britaniyaning Global Partners Governance Foundation (GPGF) yetakchi tahlil markazi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. GPGF tomonidan Emili Dez (Markaz direktori), Mujge Kuchukkeles, Noa Taker, Madina Myngayimbek va Frenk Marakkione ishtirok etdi. JIDU tomonidan Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) direktori o‘rinbosari Akram Umarov, IXTI Energetika geosiyosati markazi rahbari Nodira Muhammadqulova va Xalqaro munosabatlar kafedrasi tayanch doktoranti Gafarov Islomxon qatnashdilar.  

Uchrashuvda A.Umarov mehmonlarni Universitet faoliyati bilan tanishtirdi, shuningdek, Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti faoliyati haqida batafsil ma’lumot berdi. O‘z navbatida, Emili Dez GPGF haqida ma’lumot berib, ushbu markaz Buyuk Britaniyadagi eng ilg‘or tuzilmalardan biri ekanligi va u rivojlanayotgan mamlakatlarda parlamentarizm va davlat boshqaruvini rivojlantirish dasturlarini amalga oshirishga ixtisoslashganligini e’tirof etdi.

GPGF ijtimoiy fond bo‘lib, butun dunyo bo'ylab siyosiy institutlarni mustahkamlash va targ'ib qilishga ixtisoslashgan. Shuningdek, markaz tahliliy hisobotlarni tayyorlaydi, xalqaro donorlarga yordam bermoqchi boʻlgan mamlakatlarda davlat boshqaruvini takomillashtirish boʻyicha tavsiyalar beradi. GPGF Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikada, shuningdek, Markaziy va Sharqiy Yevropada dasturlarni amalga oshirgan.

Uchrashuv yakuni bo‘yicha tomonlar xalqaro tadqiqotlar sohasida hamkorlikni boshlash va qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga kelishib oldilar.