24.10.2022 1645

Joriy yilning 18-oktyabr kuni O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining Chet tillarni chuqur o‘rgatish markazi BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda “Iqtisodiy diplomatiyada sohaviy (kasbga doir) ingliz tili” kursini yo‘lga qo‘ydi.

“Professional English for Economic Diplomacy (EconDip)” kursi hukumat davlat xizmatchilari va xususiy sektor vakillariga biznes aloqalari uchun zarur bo‘lgan iqtisod va diplomatiya sohasidagi sohaviy (kasbga doir) til ko‘nikmalarini rivojlantirish uchun maxsus ishlab chiqilgan.

Ushbu kurs interaktiv ta'lim formatida qurilgan va yuqori darajadagi o'zaro ta'sirni o'z ichiga oladi. Har bir modulda iqtisodiy diplomatiyaga oid The Economist, Harvard Business Review, Business Daily jurnallaridan lug‘at, grammatika, tinglash, tarjima, muhokama matnlari, nutq va yozish vazifalari, podkastlari mavjud.

Kursning asosiy yo‘nalishi xalqaro iqtisodiy munosabatlar sohasida samarali muloqotga qaratilgan. Kurs doirasida, til o‘rgatishdan tashqari, uchrashuvlar, muzokaralar va taqdimotlar kabi rasmiy tadbirlarda ham, ko‘proq norasmiy ijtimoiy vaziyatlarda ham ingliz tilida sohaviy (kasbga doir) muloqot ko‘nikmalarini oshirish bo‘yicha treninglar o‘tkaziladi.

Kurs yakuni o’laroq bitiruvchilarga sertifikatlar topshiriladi.