10.10.2022 1858

JIDU Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Gulnoza Ismailova boshchiligidagi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti delegatsiyasi Qozog‘iston Respublikasining NarXoz universitetiga tashrif buyurdi. 

UniCEN loyihasi va Pittsburg Universitetining Boshqaruv va Bozorlar Markazi ko'magida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti delegatsiyasi NarXoz Universiteti o‘quv ishlari bo‘yicha Vitse-Provosti, iqtisodiyot fanlari doktori, professor Samajan Umirzakov boshchiligida universitet rahbariyati bilan ikki kun davom etgan uchrashuv doirasida universitetlar o‘rtasida uchta yo‘nalish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. 

  • Birinchi yo‘nalish talabalar almashinuvi bo‘lib, unda ikki universitet talabalari qisqa va o‘rta muddatli davrda hamkor universitetda o‘zaro kelishuv asosida ta’lim olish imkoniyatlariga ega bo‘ladi. Undan tashqari, ikki universitet talabalari uchun hamkor universitetda yozgi malaka oshirish imkoniyatlari ham yaratiladi.

  • Ikkinchi yo‘nalish sifatida JIDU va NarXoz professorlari almashinuvi dasturi ko‘zda tutilgan. Bunda hamkor universitet professorlari talabalarga o‘quv mashg‘ulotlar olib borish uchun tashrif buyurishadi.

  • Uchinchi yo‘nalish bo‘yicha o‘zaro hamkorlik - ilmiy yo‘nalishlarni kuchaytirish, bunda universitetlarda konferensiyalar tashkil qilish va o‘tkazish, ilmiy tadqiqotlarga hamrahbar bo‘lish va ilmiy ishlarga taqrizchilik qilish, hamkorlikda ilmiy tadqiqotlar olib borish va axborot resurs markazlariga ochiq kirish ko‘zda tutilgan.

Uchrashuvning ikkinchi qismida  universitet fakultet va kafedralari o‘rtasida ham hamkorliklar bo‘yicha muzokaralar olib borildi. JIDU XIM fakulteti dekani Mirzoumid Xamdamov va NarXoz Universiteti “Iqtisodiyot va menejment” maktabi direktori Dilbar Gimranova o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Ma’lumot uchun, Qozogiston Respublikasining NarXoz universiteti:

Qozog‘iston Respublikasi Olmaota shahrida joylashgan NarXoz universiteti 1963-yilda tashkil topgan. Universitet tarkibiga o‘quv, ilmiy markazlar, ilmiy va o‘quv bo‘limlari, 3 ta oliy maktab, Qozog‘iston mintaqalaridagi 5 ta vakolatxonalar va iqtisodiy kollej kiradi.