06.10.2022 1948

Joriy yilning 6-oktabr kuni Toshkent shahrida Migratsiya bo‘yicha xalqaro tashkilotning (IOM) O‘zbekiston va Ozarbayjondagi vakolatxonalari hamkorligida taqdimot sessiyasi tashkil qilindi. Tadbir IOM Taraqqiyot fondi tomonidan moliyalashtirilgan Migratsiya bo‘yicha mintaqaviy o‘quv markazi (RTCM) loyihasi doirasida bo‘lib o‘tdi. Loyiha migratsiyani boshqarish bo‘yicha mintaqaviy ta’lim salohiyatini va hamkorlikni oshirish hamda xavfsiz migratsiyani ta’minlash uchun migratsiya boshqaruvi sohasidagi ilg‘or tajriba va yaxshi misollarni almashishga ko‘maklashadi. Asosan, O‘zbekistonning turli universitetlari va muassasalari ishtirokchilari uchun tashkil etilgan taqdimot sessiyasi IOM Ozarbayjon Loyiha koordinatori Matanat Gahramanova tomonidan RTCM loyihasining istiqboldagi rejalari haqidagi kirish so‘zi bilan boshlanib, IOM konsultanti Izabel Astor xonim tomonidan RTCM o‘quv rejasi (1-8-modullar) bilan tanishtirildi.

Tadbir davomida 2022-yilning 25-29-iyul kunlari Boku shahrida bo‘lib o‘tgan trenerlarning besh kunlik treningida (TOT) qatnashgan Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti professori Muattara Rahimova RTCM treneri sifatida xalqaro migratsiya, xalqaro migratsiya huquqi va migratsiya institutlari, tartibsiz migratsiyaga qarshi kurashish va oldini olish, xalqaro mehnat migratsiyasi, Markaziy Osiyo davlatlarining migratsiya siyosati va boshqa tegishli mavzular bo‘yicha taqdimotlar qildi.

Bundan tashqari, ishtirokchilar IOM konsultanti Izabel Astorning “Yumshoq trening ko‘nikmalari: TOT (trenerlarni tayyorlash) tizimining tarkibiy qismlari va TOT trenerining roli” taqdimoti bilan tanishdilar. RTCM loyihasi doirasidagi navbatdagi taqdimot sessiyasi 2022-yil 13-14-oktabr kunlari Turkiyaning Anqara shahrida oʻtkazilishi rejalashtirilgan.