9-24-iyul kunlari Rossiya Federatsiyasi tomonidan tashkil etilgan "Yozgi universitet - 2022" xalqaro ta’lim dasturi bo‘lib o‘tdi. Ushbu dastur Rossiyaning 14 ta oliy ta’lim muassasalari tomonidan tashkil etilib, 6 ta chet mamlakatlardan kelgan talaba yoshlar ilm - fanning turli xil yo‘nalishlarida o‘z bilimlarini oshirish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti talabalari Dilmurodov Dilmurod, Samandar Sarayev, Muxlisa Safarova “O‘zbekistonning eng yaxshi 100 nafar yetakchi talabalari” almanaxi ishtirokchilari bilan birgalikda Tyumen davlat universiteti tomonidan tashkil etilgan “Yozgi universitet” ta’lim dasturida huquq, tadbirkorlik va IT sohasi bo‘yicha bilimlarini oshirish, ilm-fanning eng yaxshi mutaxassislari tomonidan o‘tkazilgan darslarda qatnashish va qo‘shni davlat Qozog‘istondan kelgan talabalar bilan tajriba almashish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Talabalar shu bilan birgalikda ijtimoiy loyihalar tayyorlashga va o‘z loyihalarni berilgan bilimlar va tajriba asosida mukammallashtirishga muvoffaq bo‘lishdi.
Dastur davomida talabalar turli xil intellektual o‘yinlar, sport musobaqalari, interaktiv darslar va madaniyat va san’at kechalarida qatnashdilar, Rossiyaning mashhur tarixiy shahri Tobolskda bo‘ldilar va Tyumen shahrining bir qancha muzeylari, shu jumladan, I.Ya.Slovtsov nomidagi muzey majmuasi va Sibir tadbirkorlik muzeyiga tashrif buyurib, madaniy hordiq oldilar.
Dastur so‘ngida Tyumen davlat univetsiteti rektori Sergey Sergeyevich barcha talabalarni sertifikatlar bilan taqdirladi.
“Xalqaro dastur biz yoshlarga eng yangi ilm - fan yutuqlaridan xabardor bo‘lish va ularni amaliy qo‘llash ko‘nikmalarini berdi. Bunda biz ijtimoiy loyihalarni moliyalashtirish, ularni bosqichma-bosqich amalga oshirish, ushbu loyihalar uchun saytlar yaratish va eng muhimi jamiyat uchun haqiqiy o‘zgarish bo‘la oladigan va insonlar hayotini har tomonlama yaxshilashga qaratilgan amaliy loyhalarni ishlab chiqdik. Bundan tashqari, tadbirkorlik sohasi doirasida yangi start-uplar, naym va biznes rejalar; IT va matematika bo‘yicha yangiliklar yaratish- injenering sohasi; huquq sohasi bo‘yicha global muammolar va “Inson huquqi” ning hozirgi davr talabi va shart-sharoitlari bo‘yicha talqinlarini o‘rganib, ushbu yo‘nalishlarda bilimlarimizni mustahkamladik”, - Muxlisa Safarova.