“Inson – jamiyat – davlat” degan yondashuvni Konstitutsiyamizning mazmuniga chuqur singdirib, amaliy hayotimizda bosh qadriyatga aylantirish zarur
28.06.2022 2418
Joriy yilning 20-iyun kuni davlatimiz rahbari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan yig‘ilish o‘tkazdi. Prezident butun yurtimizda barqaror jamiyatni hamda bardavom taraqqiyotni ta’minlash yo‘lida xalqimizni ana shu buyuk maqsadga erishishda o‘zaro birdamlikka va hamjihatlikka chaqirdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hozirgi tahlikali zamon, yon-atrofimizdagi murakkab vaziyat yurtimiz taqdiriga yanada ulkan mas’uliyat bilan yondashib, “Bu savollarning barchasiga javobni puxta ishlangan huquqiy normalar orqali Konstitutsiyamizda aks ettirish – davr taqozosidir”, deya konstitutsiyaviy islohotlar o‘tkazish zaruratini kun tartibiga qo‘ygani bilan bog‘liq dolzarb savollarga batafsil to‘xtaldi.
Shavkat Mirziyoyev yangilangan Konstitutsiya mamlakatimizning uzoq muddatli taraqqiyot strategiyalari, umuman, mamlakatimiz va xalqimizning ertangi farovon hayoti uchun mustahkam huquqiy asos hamda ishonchli kafolat yaratishi lozimligini alohida ta’kidladi. Bir so‘z bilan aytganda, “Inson qadri uchun” g‘oyasini hamda hozirgi islohotlarning bosh tamoyili bo‘lgan “Inson – jamiyat – davlat” degan yondashuvni Konstitutsiyamizning mazmuniga chuqur singdirib, amaliy hayotimizda bosh qadriyatga aylantirish zarurligini qayd etdi.
Darhaqiqat, hozirgi paytda inson qadrini yuksaltirish davlat hokimiyati organlarining konstitutsiyaviy burchi hamda ustuvor vazifasi bo‘ligshi lozim. Yangilanayotgan Konstitutsiyamizda ushbu tamoyillarning aniq va ravshan ifoda etilishi, o‘zining mukammal huquqiy yechimini topishidan dalolat beradi.
Prezident yig‘ilish davomida yashash huquqi har bir insonning uzviy huquqi ekanini ta’kidlab, Konstitutsiyaga “O‘zbekistonda o‘lim jazosi taqiqlanadi”, degan normani kiritish taklifi bildirdi.
Bundan tashqari, shaxsning sudlanganligi va undan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uning qarindoshlari huquqlarini cheklashga asos bo‘lishi mumkin emasligini qat’iy yozib qo‘yish zarurligi ham ta’kidlandi.
Davlatimiz rahbari uchrashuv davomida yangilanayotgan Konstitutsiya mamlakatimizning uzoq muddatli taraqqiyot strategiyalari, mamlakatimiz va xalqimizning ertangi farovon hayoti uchun mustahkam huquqiy asos hamda ishonchli kafolat yaratishi lozimligini alohida ta’kidladi.
Hozirda yoshlarimiz o‘rtasida sportni ommalashtirish, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirishga katta ahamiyat berilayotgani barchamizga ma’lum. Bu boradagi davlat siyosatini Konstitutsiyada mustahkamlash maqsadida Asosiy qonunimizga quyidagi qoidani kiritishni taklif etildi: “Davlat jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, yoshlarni sog‘lom turmush tarzi tamoyillari asosida ma’naviy va axloqiy yetuk insonlar etib tarbiyalash uchun zarur sharoitlarni yaratadi”.
Shuningdek, Konstitutsiyamizga “Ota-onalar o‘z farzandlari voyaga yetguniga qadar ularning tarbiyasi, ta’lim olishi, sog‘lig‘i, to‘laqonli va barkamol rivojlanishi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilish huquqiga ega va bunga majburdir”, degan me’yor ham taklif etildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Konstitutsiyaviy komissiya faoliyatining uchta bosqichini aniq belgilab berdi:
Birinchi bosqich – Konstitutsiyani o‘zgartirish bo‘yicha takliflarni qabul qilish, jamlash va tahlil qilishni tashkillashtirish.
Konstitutsiyaviy komissiya takliflari asosida ishlab chiqilgan loyiha Parlamentning Qonunchilik palatasiga taqdim etiladi. Shu munosabat bilan Konstitutsiyaviy komissiya faoliyatining birinchi bosqichi yakuniga yetdi.
Ikkinchi bosqich – Parlament tomonidan ishlab chiqilgan Yangilangan Konstitutsiya loyihasini umumxalq muhokamasida ko‘rib chiqish.
Bunday demokratik yondashuv “Konstitutsiyaning yagona manbai va muallifi – xalqdir” degan tamoyilga to‘la mos keladi.
Uchinchi bosqich – umumxalq muhokamasi natijasida maromiga yetkazilgan Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasini referendum o‘tkazish yo‘li bilan qabul qilish.
Davlatimiz rahbari bu haqda to‘xtalar ekan, jumladan, shunday dedi: “Konstitutsiyaviy islohotni fuqarolarimiz fikri va qo‘llab-quvvatlashi asosida referendum orqali amalga oshirsak, bu tom ma’noda xalqimiz xohish-irodasining ifodasi – haqiqiy xalq Konstitutsiyasi bo‘ladi, deb o‘ylayman”.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, biz, O‘zbekiston xalqi Konstitutsiyaga kiritish taklif etilayotgan yangi norma va qoidalarni ongu tafakkurimiz, qalbimizdan o‘tkazib, ularga xolis va haqqoniy munosabatimizni bildirishimiz lozim. Davlatimiz rahbari ishonch bilan ta’kidlaganidek, “Barchamiz Asosiy qonunimizda o‘zimizni, oilamizni, mahallamizning orzu-umidlarini ko‘rishga intilayotganimiz – bu tabiiy va mutlaqo to‘g‘ri”.
Dilmurod Dilmurodov,
“Xalqaro munosabatlar” fakulteti 2-bosqich talabasi