13.06.2022 1906

2022-yil 8-iyunda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida yosh olimlar ishtirokida “Zamonaviy xalqaro munosabatlarning dolzarb masalalari: siyosat, iqtisodiyot va huquq” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Ushbu xalqaro konferensiya zamonaviy xalqaro munosabatlarning siyosiy, huquqiy va iqtisodiy sohalardagi dolzarb muammolari, tendensiyalari va transformatsiyalari, ularning global va mintaqaviy miqyosdagi ta’siri masalalariga bag‘ishlandi. Konferensiya davomida xalqaro tijorat arbitraji, raqamli huquq, O‘zbekiston Respublikasining zamonaviy tashqi siyosati, AQShning Afg‘onistondagi siyosati, milliy madaniyatni ommalashtirish, multikulturalizm, qayta tiklanadigan energiya manbalarini ishlab chiqarish, O‘zbekiston Respublikasida davlat boshqaruvini markazsizlashtirish  masalalari muhokama qilindi.

Konferensiya quyidagi sho‘balarda o‘tkazildi:

1-sho‘ba: Xalqaro munosabatlarning huquq sohasidagi zamonaviy muammolari”;

2-sho‘ba: Xalqaro munosabatlarning siyosat sohasidagi zamonaviy muammolari”;

3-sho‘ba:Xalqaro munosabatlarning iqtisodiyot sohasidagi zamonaviy muammolari”.

Mazkur xalqaro konferensiyada respublika va xorijiy oliy o‘quv yurtlaridan, jumladan, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Toshkent davlat yuridik universiteti, Qoraqalpoq davlat universiteti, Toshkentdagi Yodju texnika instituti, Ufa davlat neft texnika universiteti hamda Boshqird davlat universitetidan yosh olimlar, magistrantlar, doktorantlar va mustaqil tadqiqotchilar ishtirok etishdi. Ishtirokchilar o‘z tadqiqotlari doirasida taqdimotlar qilishdi va yoritilgan mavzular bo‘yicha o‘zaro fikr almashishdi.

Konferensiya yakunlari boʻyicha ilmiy maqolalar va tezislar toʻplamini chop etish rejalashtirilgan.