UNICEFning bolalar uchun adolat bo‘yicha xalqaro eksperti - Frensis Sheahan tomonidan bir qator ma’ruzalar o‘tkazildi
31.05.2022 1421
25-27-may kunlarida bolalarga nisbatan adolatga bag‘ishlangan bir qator ma’ruzalar bo‘lib o‘tdi. Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining Xalqaro huquq fakulteti talabalari xalqaro amaliyot bilan tanishish, jahon miqyosida e’tirof etilgan huquqiy ishlarni o‘rganish va bolalar huquqlari bo‘yicha xalqaro qonunchilik hujjatlari bo‘yicha o‘z mulohazalarini bildirishdi.
Ma’ruzalar bolalar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarga nisbatan miya rivojlanishining ta’siri kabi turli mavzularni qamrab oldi. Bundan tashqari bolalarga nisbatan sodir etilgan jinoyatlar, shu jumladan jismoniy va ruhiy zo'ravonlik, qarovsizlik, dunyo mamlakatlaridagi voyaga etmaganlarga oid qonunlar va ularning qanchalik samarali ekanligi, O‘zbekistonning so‘nggi yillarda erishgan yutuqlari va takomillashtirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Uch kun davom etgan ma’ruzalar quydagicha nomlandi: Bolalarga va uning tarafdorlariga nisbatan adolat (25-May), Bolalar qurbonlari va guvohlariga nisbatan adolat (26-May), Qonunga zid bo‘lgan bolalar uchun adolat (27-May). Mehmon ma’ruzani boshlagunga qadar JIDU qoshidagi Yuridik klinika rahbari Ziyodullo Ubaydullayev Frensis Sheahanga ushbu ma’ruzalarni o‘tkazgani va talabalarga bugungi kundagi bolalar huquqlariga oid muammolar haqida tushuncha bermoqchi bo‘lgani uchun minnatdorchilik bildirdi.Frensis Sheahan 17 yildan ortiq jinoiy adliya va qamoqxonalar tizimini isloh qilish, bolalar huquqlarini boshqarish va biznes masalalari bo‘yicha Buyuk Britaniyaning malakali huquqshunosi hisoblanadi. Maʼruzalar UNICEFning Oʻzbekistonda bolalar huquqlarini himoya qiluvchi huquqshunoslarning huquqiy taʼlim va malakasini oshirishni qoʻllab-quvvatlashni davom ettirish dasturi doirasida oʻtkazildi.
Uch kunlik ma’ruzalar davomida Frensis Sheahan talabalarning “Bolalarga nisbatan adolat” bo‘yicha bilimlarini chuqurlashtiruvchi taqdimotlarini o'tkazdi. Ishtirokchilar, xalqaro ishlarni ko'rib chiqish va tahlil qilish, bolalarning adliya tizimlaridan foydalanish imkoniyatlarini yaxshilash yo'llarini muhokama qilishdi. Yuridik klinikaning “Street Law” loyihasi ishtirokchilari mehmon ma’ruzachi bilan o‘z tajriba va fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdilar.Frensis Sheahan O‘zbekiston bolalar huquqlarini himoya qilish borasida to‘g‘ri yo‘ldan borayotganini, “Street Law” kabi loyihalarning mavjudligi jamiyat o‘z huquqlarini bilish muhimligini anglab yetayotganidan dalolat ekanini e’tirof etdi. Xususan, “Street Law ” loyihasi o‘sib kelayotgan avlodga ularning huquqlari va ularni himoya qilish uchun mas’ul bo‘lgan davlat organlari va boshqa ko‘p narsalarni o‘rgatish masalalariga qaratilgan.
27-may kuni ma’ruzalar nihoyasiga etgach, talabalar Frensis Sheahanga shunday mazmunli ma’ruzalarni o‘qigani va Buyuk Britaniya tajribasi bilan o‘rtoqlashgani uchun o‘z minnatdorchiligini bildirdi. Mehmon ma'ruzachi Yuridik klinikaning bolalar huquqlarini himoya qilish borasida olib borayotgan ishlari ahamiyatli ekanligini ta’kidlab, universitetga shaxsan tashrif buyurish va talabalar bilan ko‘proq interfaol mashg‘ulotlar o‘tkazishga umid bildirdi.