28.05.2022 1267

Joriy yilning 27-may kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti YUNESKOning “Xalqaro huquq va inson huquqlari” kafedrasi tomonidan “Xalqaro gumanitar huquqning dolzarb masalalari” mavzusida xalqaro davra suhbati o‘tkazildi. 
Ma’lumki, 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasida mustahkamlangan ustuvor maqsadlardan biri BMT va uning ixtisoslashgan muassasalari bilan madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi tashqi siyosatining tarkibiy yo‘nalishlaridan  sifatida BMT va uning ixtisoslashtirilgan muassasalari doirasida amalga oshirilayotgan siyosiy-diplomatik va targ‘ibot-tushuntirish tadbirlari ko‘lamini kengaytirish maqsadida “Birlashgan Millatlar Tashkiloti organlari va institutlarida, global va mintaqaviy iqtisodiy, moliyaviy va gumanitar tashkilotlarda O‘zbekiston faoliyatini kuchaytirish” ekanligi qayd etilgan. 
Mazkur  xalqaro davra suhbatining maqsadi – O‘zbekiston Respublikasining yetakchi universitetlarida, xususan, jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida professor-o‘qituvchilar  o‘rtasida Xalqaro gumanitar huquqning dolzarb masalalarini hal etishda ilmiy ishlarni yanada rivojlantirish uchun ilmiy maydon yaratishdan iborat. 
Davra suhbati Xalqaro gumanitar huquq sohasidagi ta’lim masalalari:  Xalqaro qizil hoch jamiyatining bugungi kundagi roli va uning Xalqaro gumanitar huquqining me’yorlarini jahonda va Markaziy Osiyoda amalga oshirilishidagi o‘rni, xalqaro Qizil yarim oy harakatining faoliyati, shuningdek, qurolli mojarolar davrıda ayollar huquqlari va madaniy boyliklarni himoya qilishning zamonaviy tendensiyalari kabi masalalarga bag‘ishlanadi.