17.05.2022 1267

O‘tkazilish vaqti – 17-may 2022-yil, soat 10:00.

O‘tkazilish joyi – Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti.

2022 yilning 17-may kuni talabalar o‘rtasida IT-loyihalarni rivojlantirish bo‘yicha inkubatsiya va akseleratsiya markazining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Marosimda universitet rektori S.Safoyev, O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh.Shermatov, IT-park direktori F.Ibragimov, Tashqi ishlar vazirligi mas’ul vakillari, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi xodimlari, OAV vakillari, JIDU oʻqituvchilari va talabalari ishtirok etdi.

Rektor S.Safoyev o‘z nutqida: «Raqamli texnologiyalarning faol rivojlanishi bugungi kunda butun dunyoda asosiy tendensiya bo‘lib turibdi. Ko‘proq mamlakatlar ushbu o‘zgarishlarning ahamiyatini tushunib, ushbu sohaga alohida e’tibor qaratmoqda: ular davlat, ijtimoiy, ta’lim va boshqa jarayonlarni har tomonlama raqamlashtirishga qaratilgan milliy raqamli rivojlanish strategiyalarini qabul qilmoqda. “Raqamli diplomatiya” atamasi o‘zini mustahkam o‘rnatgan xalqaro munosabatlar sohasida ham jadal rivojlanish kuzatilmoqda. O‘zbekistonda davlatimiz rahbarining farmoni bilan “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasi qabul qilindi. Ushbu keng ko‘lamli dasturiy hujjat iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlari va mamlakatimiz hududlarini raqamli o‘zgartirish bo‘yicha yo‘l xaritalarini o‘z ichiga oladi» deya ta’kidlab o‘tdi.

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti Huawei Technologies bilan birgalikda yagona IT ekotizimini – Smart Universitetni yaratish konsepsiyasini amalga oshirishga kirishdi, uning ajralmas qismi bugun ochilayotgan inkubatsiya va akseleratsiya markazi hisoblanadi. U iqtidorli talabalar g‘oyasini namoyon qilish uchun eng qulay shart-sharoitlarni yaratishga qaratilgan va start-up loyihalarni yaratish uchun rag‘batlantiruvchi vosita bo‘lib xizmat qiladi.

Markazning uzoq muddatli maqsad va vazifalari quyidagilardan iborat:

  • yuqori innovatsion texnologiyalarni rivojlantirish;
  • innovatsion yo‘nalishdagi kichik biznesni rivojlantirish, talabalar uchun loyiha faoliyatini amalga oshirish uchun qulay shart-sharoitlarni ta’minlash;
  • talabalar va tajribali mutaxassislar o‘rtasida munosabatlarni o‘rnatish;
  • yangi ish o‘rinlarini yaratish.

Universitet hududidagi markaz uchun jihozlangan auditoriyalar ajratilgan, ular orasida interfaol darslar uchun 60 kishilik auditoriya, muzokaralar xonasi mavjud bo‘lib, undan g‘oyalar “aqliy shturmi” uchun ham foydalanish mumkin. Barcha zarur jihozlarga ega alohida kovorking-ofis, loyiha bosqichlari taqdimotlari uchun ixtisoslashtirilgan auditoriya mavjud. Markaz faoliyati doirasida talabalar uchun konsultatsiyalar, turli tanlovlar, xakatonlar va mahorat darslari o‘tkaziladi. Talabalar, shuningdek, 8 modulni o‘z ichiga olgan inkubatsiya dasturlariga jalb qilinadi:

  • Kirish - talabalar maqsadlarni belgilash, jamoa tuzish va u bilan ishlashni o‘rganadilar;
  • Loyiha imkoniyatlari - talabalar o‘sib borayotgan biznesni qurishda ilmiy yondashuvdan foydalanishga va keraksiz xarajatlardan qochishga yordam beradigan metodologiyani o‘rganadilar;
  • Bozor - bu modulda talabalar marketing tadqiqotlari bilan ishlaydilar, maqsadli auditoriyani aniqlaydilar, raqobatchilarni tahlil qiladilar;
  • Mahsulot – o‘qitishning ushbu bosqichida rezidentlar minimal, ammo birinchi iste’molchilarni qondirish uchun yetarli funksiyalarga ega bo‘lgan mahsulotni shakllantiradilar;
  • Biznesni modellashtirish - bu o‘quv moduli talabalarga biznes-reja yozish va investitsiyalar bilan ishlash ko‘nikmalarini beradi;
  • Kompaniyani ochish - kelajakdagi biznes loyihasini huquqiy qo‘llab-quvvatlash va soliqqa tortish;
  • Marketing - PR va mahsulotni ilgari surish;
  • Demo Day - talabalar notiqlik qobiliyatlarini namoyish etadilar va loyihalarini taqdim etadilar.

Ushbu modullar turli biznes sohalaridagi ma’ruzachilar ishtirokida o‘tkaziladi, bu esa talabalarga o‘z loyihasini samarali va batafsil ishlab chiqish imkonini beradi. Inkubatsiya dasturi davrida JIDU professor-o‘qituvchilari talabalarga marketing, loyiha boshqaruvi, huquqshunoslik, marketing tadqiqotlari va biznes rejalar va boshqalar bo‘yicha bilim olishga yordam beradi. Inkubatsiya dasturining so‘ngiga kelib, talaba investitsiya fondlari bilan hamkorlik qilish uchun to‘liq taqdimotlarga ega bo‘ladi. Har bir modul bo‘yicha treninglar bilan bir qatorda rezidentlarga xatolar va mahsulotlarni ishlab chiqish bo'yicha koordinator bilan ekspert sessiyasi taqdim etiladi.

Tadbir doirasida mehmonlarga universitet talabalari R.Ro‘zimuratov, D.Hasanov, D.Mamadyunusov va F.Ismoilovlarning ta’lim va qurilish sohasidagi start-up g‘oyalari taqdimotlari ham taqdim etildi. Jumladan, JIDU bitiruvchisi, Black Swan Consulting yuridik kansalting firmasi rahbari A.Ahmedov tomonidan “Start-up va venchur investitsiyalarni rivojlantirish istiqbollari: qonunchilik bazasi, qonunchilikdagi kamchiliklar, joriy va xorijiy amaliyot” mavzusidagi interaktiv mashg‘ulot o‘tkazildi.