06.05.2022 1411

2022-yil 29-aprel kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti Metodologik kengashining beshinchi yig`ilishi doirasida tashkil etilgan “Markaziy Osiyo mintaqasida ekologik vaziyat va O`zbekiston “yashil” siyosatining ustuvor yo`nalishlari” mavzusidagi ilmiy-amaliy seminar to`g`risida ma`lumotnoma.

2022-yil 29-aprel kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti Metodologik kengashining beshinchi yig`ilishi doirasida “Markaziy Osiyo mintaqasida ekologik vaziyat va O`zbekiston “yashil” siyosatining ustuvor yo`nalishlari” mavzusidagi ilmiy-amaliy seminar o`tkazildi.

Metodologik kengash yig`ilishini an`anaviy ravishda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining Birinchi o`rinbosari va JIDU Rektori, Metodologik Kengashning Raisi S.S. Safoyev boshlab berdi.

Metodologik kengash yig`ilishining asosiy qismi doirasida Alixanov B.B. – O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Orolbo`yi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qo`mitasi raisi, Azizov A.A. – Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy Universiteti Amaliy ekologiya va barqaror rivojlanish ilmiy-tadqiqot bo`limi boshlig`i mavzu yuzasidan ma`ruzalari bilan so`zga chiqdilar.

 “2022-2026-yillarga mo`ljallangan Yangi O`zbekistonning taraqqiyot strategiyasi”ning yettita ustuvor yo`nalishlaridan biri bo`lgan “Milliy manfaatlardan kelib chiqqan holda umumbashariy muammolarga yondashish” zamirida Alixanov B.B. o`zining ma`ruzasi davomida (i) O`zbekistondagi atrof-muhit va ekologik vaziyatning o`ziga xos xususiyatlari, (ii) mamlakatimiz “yashil” siyosatining ustuvor yo`nalishlari, (iii) ekologik tizimlar va tabiiy komplekslarning/majmualarning o`ziga xosligi, (iv) milliy ekologik xavfsizlikka bo`lgan xavf-xatar va tahdidlar, (v) ekologik diplomatiyaning muhim jihatlari, (vi) Orol dengizining qurishi va tubining cho‘llanish holati, eroziya va deflyatsion oqibatlar, (vii) Orolbo`yida ekologik innovatsiyalar va texnologiyalarni joriy etish bo`yicha kompleks chora-tadbirlarga oid qator masalalar va dolzarb bo`lgan yo`nalishlarni belgilab berdi. O`z navbatida, Azizov A.A. (i) “barqaror rivojlanish” tushunchasi tavsifi, konsepsiyasi, determinantlari, joriy etilishining tamoyillari va omillarini, (ii) ekologiya qonunlarini, (iii) O`zbekistonda ijtimoiy-iqtisodiy va ekologik sohalarda barqaror rivojlanish siyosatini amalga oshirilishi bo`yicha vazifalarni, (iv) “barqaror rivojlanish” masalasiga oid xorijiy va mahalliy o`quv va ilmiy nashrlar haqida umumiy ma`lumotlarni, shuningdek, (v) Yaponiya va O`zbekistonning Respublikamiz hududlarida qishloq xo`jaligi yerlarining sho`rlanishini minimallashtirish bo`yicha qo`shma loyihalari va boshqa masalalar to`g`risida ma`lumotlarni yoritib berdi.  

Ilmiy-amaliy seminarning muhokama qismida savol-javoblar doirasida (i) atrof-muhitni muhofaza qilish faoliyati to`g`risidagi qonunchilik va qonun hujjatlarini takomillashtirish maqsadida atrof-muhitni muhofaza qilish, ekologik xavfsizlik va tabiiy resurslardan foydalanish sohasidagi milliy va xalqaro me`yoriy-huquqiy bazalarning inventarizatsiyadan o`tkazilishi zarurligi, (ii) aholining umumiy ekologik savodxonligini va o`rta (maxsus) ta`lim muassasalarida ekologik ta`lim darajasini oshirilishi, shu jumladan o`quv dasturlarga ekologiya bo`yicha fanlarning kiritilishi, (iii) ekologik muammolarni hal etishning murakkabligini, atrof-muhit bilan bog`liq vaziyatni boshqarishning har bir mintaqa mamlakatidagi ijtimoiy-siyosiy jarayonlarga bog`liqligini inobatga olgan holda, Markaziy Osiyo mintaqasi ekologiyasida yuzaga kelishi mumkin bo`lgan xavf-xatar va tahdidlar to`g`risida aholining rostgo`y ravishda, o`z vaqtida va batafsil xabardor qilinishi kabi dolzarb mulohazalar, tegishli takliflar va tashabbuslar bilan tadbir ishtirokchilari so`zga chiqdilar.

Yig`ilish yakunida (i) milliy va xalqaro darajada ekologik nuqtai nazardan iqtisodiyotni o`zlashtirish, (ii) davlat ekologik ekspertizasini o`tkazishni takomillashtirish, (iii) ekologik huquq mexanizmlarini yanada rivojlantirish, (iv) atmosfera havosi, suv, yer va biologik resurslarni muhofaza qilish bo`yicha ekologik bilimlarning ahamiyatini hamda (v) ekologik muammolarning “bo`linmasligi”ni e`tirof etish kabi masalalarni sarhisob qilgan holda, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining Birinchi o`rinbosari va JIDU Rektori Safoyev S.S. Barqaror rivojlanish markazi faoliyatini yo`lga qo`yish va 2022-yilda tabiiy va gumanitar fanlar sohalari ekspertlari va tahlilchilari ishtirokida ekologik muammolar va bu boradagi milliy, mintaqaviy va global tendensiyalar hamda xatar va chaqiriqlarni kompleks o`rganish bo`yicha xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyani o`tkazish zarurligini ta`kidlab o`tdi.

JIDU Metodologik kengashining mas`ul kotibi
“Xalqaro munosabatlar” kafedrasi katta o`qituvchisi
s.f.n. Muminova N.Ya.