Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida "Global jarayonlar va ularning Markaziy Osiyoga ta’siri" nomli respublika ilmiy-amaliy konferensiya bo`lib o`tdi
06.05.2022 1145
2022-yilning 5-may sanasida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Global processes and their influence on Central Asia” (“Global jarayonlar va ularning Markaziy Osiyoga ta’siri”) mavzusida doktorantlar ishtirokidagi respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo`lib o`tdi.
Ushbu konferensiya O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “2022–2026-yillarga mo`ljallangan Yangi O`zbekistonning Taraqqiyot Strategiyasi to`g`risida”gi Farmonida belgilangan vazifalardan kelib chiqib, xalqaro munosabatlarda kechayotgan siyosiy, iqtisodiy hamda huquqiy jarayonlar, tendensiyalar, muammo va istiqbollarni o`rganish hamda ularning Markaziy Osiyo va O`zbekiston Respublikasiga ta`sirini tadqiq qilish muhim ekanligini e`tirof etgan holda tashkil etildi.
Konferensiya quyidagi sho`balarda o`tkazildi:
- Xalqaro munosabatlarda kechayotgan siyosiy jarayonlar va ularning Markaziy Osiyoga ta`siri;
- Jahon tarixida ro`y bergan siyosiy voqealar, ularning sivilizatsiyalar rivoji hamda xalqaro munosabatlar transformatsiyasidagi o`rni;
- Jahonda yuz berayotgan iqtisodiy tendensiyalar hamda ularning Markaziy Osiyodagi istiqbollari;
- Xalqaro huquq sohasidagi zamonaviy muammolar va ularning yechimlari.
Mazkur konferensiyada Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, O`zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari akademiyasi, O`zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Tarix instituti, Toshkent davlat yuridik universiteti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti doktorantlari hamda mustaqil izlanuvchilari, shuningdek, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tahlil instituti va Taraqqiyot strategiyasi markazi xodimlari o`zlarining olib borayotgan ilmiy izlanishlari doirasida ma`ruzalar tayyorlab, taqdimot qilishdi.
Konferensiya davomida ishtirokchilar o`rtasida fikr-mulohazalar almashildi.
Konferensiya yakunlari bo`yicha ilmiy maqolalar va konferensiya tezislari to`plamini ishlab chiqish rejalashtirilgan.