30.04.2022 2117

Joriy yilning 30-aprel kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori Sodiq Safoyev Yaponiya Tashqi ishlar vaziri Yosimasa Xayasi bilan uchrashdi.

S.Safoyev uchrashuvni ochar ekan, O‘zbekiston Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning 2019-yilda Yaponiyaga amalga oshirgan tarixiy tashrifi O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikka, shu jumladan, fan-taʼlim sohasidagi hamkorlikka yangi, kuchli turtki bo‘lganini taʼkidladi.

JIDU bugungi kunda Yaponiyaning Nagoya universiteti, Nippon akademiyasi, Vaseda universiteti, Saytama universiteti, Xokkaydo universiteti kabi nufuzli taʼlim markazlari bilan hamkorlik qilib kelayotgani alohida taʼkidlandi.

JIDU qoshida Yaponiya ilmiy tadqiqotlari tahliliy markazi faoliyat ko‘rsatadi, yapon tili chuqur o‘rganiladi, anʼanaviy tadbirlar, masalan, “Yaponiya bayramlari”, “Yaponiya madaniyati kunlari”, “Yaponiyadagi imperatorlik instituti”, “Yapon xattotligi mahorati”, “Yapon ikebana sanʼati sirlari”, “Yaponiyada aykido sport anʼanalari” tanlovlari muntazam o‘tkaziladi.

Tadbirda Sodiq Safoyev JIDU Ilmiy kengashining Yaponiya Tashqi ishlar vaziri Yosimasi Xayasiga Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining faxriy doktori unvonini berish to‘g‘risidagi qarorini o‘qib eshittirdi.

Yosimasi Xayasi o‘z so‘zida unga JIDU faxriy doktori unvoni berilgani uchun universitet jamoasiga minnatdorlik bildirdi hamda kelgusida Yaponiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi fan va taʼlim sohasidagi hamkorlikni faollashtirish uchun barcha saʼy-harakatlarini amalga oshirishga tayyorligini bildirdi.

Yaponiya Tashqi ishlar vaziri Yo.Xayasi JIDU Faxriy mehmonlari kitobiga dastxatqoldirdi.

Uchrashuv yakunida ishtirokchilar bilan birga fotosuratga tushdi.