"To`rtinchi sanoat inqilobi va uning jahon taraqqiyotiga bo`lgan ta`siri" mavzusidagi ilmiy-amaliy seminar
16.04.2022 1924
2022-yil 7-aprel kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti Metodologik kengashining to`rtinchi yig`ilishi doirasida “To`rtinchi sanoat inqilobi va uning jahon taraqqiyotiga bo`lgan ta`siri” mavzusidagi ilmiy-amaliy seminar o`tkazildi.
Metodologik kengash yig`ilishini O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining Birinchi o`rinbosari va JIDU Rektori, Metodologik Kengashning Raisi S.S. Safoyev boshlab berdi.
Metodologik kengash yig`ilishining asosiy qismi doirasida Atabekov A.I., O`zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi Raqamli texnologiyalar va sun`iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti direktori, “Sun`iy intellekt 4.0-Sanoat drayveri sifatida” mavzusidagi ma`ruzasi bilan, hamda Maxmudov R.B., JIDU xalqaro munosabatlar fakulteti “Xalqaro muammolarning amaliy tahlili” kafedrasi dotsenti, “To`rtinchi sanoat inqilobi: siyosiy va iqtisodiy sharh” mavzusidagi ma`ruzasi bilan so`zga chiqdilar.
Maxmudov R.B. o`zining ma`ruzasi va taqdimotida dolzarb bo`lgan quyidagi yo`nalishlarni belgilab berdi, bular: (i) I-IV-sanoat inqiloblarining o`ziga xosligi; (ii) har bir sanoat inqilobiga xos bo`lgan energiya manbalari (neft, ko`mir, gaz, suv, yadro energiyasi), asosiy innovatsiyalar (bug` mashinasi, stanoklar va frezerlar, parovoz va temir yo`llar, elektr va elektromagnit telegraf, ichki yonuv dvigateli, avtomobillardan boshlab to mikroprotsessorlar va shaxsiy kompyuterlarni elektrlashtirish, sanoat robotlari, atom energiyasi, Internet, sun`iy intellekt, “yashil” energetika va kelajakda termoyadroviy energetikagacha) va ular yaratilishining manzilli bo`lgan davri; (iii) texnologik zonalar, ularning tuzilmasi (texnologik metropoliya, ta`sir doirasi, ta`sir doirasida o`z mavqeini saqlab qolish vositalari), texnologik zonalarning tarixi va qarama-qarshiligi (Britaniya, Germaniya, Amerika, Yaponiya, o`z davrida Sovet Ittifoqi kabi texnologik zonalar); (iv) Xitoy texnologik zonasining barpo etilishining hal qiluvchi omillari. Ma`ruza yakunida 4-sanoat inqilobi davrida “yangi ish o`rinlarini yaratish” dilemmasi mavzusi muallif tomonidan alohida ta`kidlandi.
Atabekov A.I. “Sun`iy intellekt 4.0-Sanoati drayveri sifatida” mavzusidagi ma`ruzasi va taqdimotida quyidagi masalalarni belgilab berdi, bular: (i) O`zbekiston IT brendining tarkibiy qismlari bo`lgan inson kapitali, IT eksporti, biznesni qo`llab-quvvatlash, IT-park rezidentlari; (ii) 4-sanoat inqilobining qisqacha tavsifi sifatidagi avtomatlashtirish, sun`iy intellekt va IT-tuzilmalaridir; (iii) O`zbekistonning raqamli rivojlanishi istiqbollarini aniqlash borasidagi davlat boshqaruvi jarayonlarini avtomatlashtirish, mashinalar yordamida o`qitish va sun`iy intellektdan foydalangan holda ma`lumotlar bazalarining integratsiyasidir; (iv) O`zbekistonning kelajakda IT poytaxtiga aylanishi uchun mavjud imkoniyatlar va salohiyatini yuzaga chiqaradigan demografik dividend, Markaziy Osiyo, MDH va Osiyoning barcha bozorlari bilan to`g`ridan-to`g`ri va foydali savdo va hamkorlik aloqalari, IT vizasi, IT sohasidagi qonunchilik bazasi, O`zbekiston IT parki infratuzilmasini yaratilishi kabi omillardir.
Ilmiy-amaliy seminarning yakuniy qismida savol-javoblar doirasida dolzarb masalalar, tanqidiy mulohazalar va muhokama etilayotgan mavzu borasidagi realistik baho berish takliflari bilan tadbir ishtirokchilari so`zga chiqdilar.
JIDU Metodologik kengashning mas`ul kotibi
“Xalqaro munosabatlar” kafedrasi katta o`qituvchisi
s.f.n. Muminova N.Ya.