D.Normetova "Moʻtabar ayol" koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi
21.03.2022 1482
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti Kadrlar boʻlimi boshligʻi Dilfuza Normetova “Moʻtabar ayol” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi.
Kuni kecha Toshkent shahar hokimligi binosida jamiyat hamda davlat hayotida faollik va tashabbuskorlik koʻrsatgan, oʻzining samarali mehnati bilan oilaning shakllanishiga va farovonligi mustahkamlanishiga, onalik va bolalik muhofazasiga munosib hissa qoʻshgan, shuningdek, sogʻlom va barkamol avlodni voyaga yetkazishda ibratli faoliyat olib borayotgan bir qator ayollar “Moʻtabar ayol” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi.
Unda Bosh vazirning oʻrinbosari – Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi raisi Zulayho Mahkamova, Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi raisi Malika Kadirxonova, shuningdek, keng jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Mazkur koʻkrak nishoni bilan taqdirlash uchun Respublika komissiyasiga 819 ta hujjat taqdim etilgandi. Jamiyatda oʻzining ibratli faoliyati bilan obroʻ qozongan 282 nafar xotin-qiz “Moʻtabar ayol” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi.
Koʻkrak nishoni bilan mukofotlanganlarga eng kam oylik ish haqining 4 baravari miqdorida toʻlanadigan pul mukofoti topshiriladi.
Boshqa hududlarda yashovchi koʻkrak nishoni sohibalariga mukofot hokimliklar tomonidan tantanali ravishda topshiriladi.