07.03.2022 3221

Goʻzal diyorimizga barchamiz sogʻinib kutgan baxor nafasi kirib keldi. Bahor tobora kuchga kirib, tabiat uygʻonib borayotgan damda biz bahor va ayol soʻzlarining naqadar uygʻun va hamoxang ekanini yanada chuqur anglaymiz. Ayol zoti chindan ham oʻz timsolida goʻzallik va nafosat, ezgulik va fidoiylik kabi oliyjanob insoniy fazilatlarni mujassam etganiga yana va yana bir bor ishonch hosil qilamiz. Ayol-borliq koʻzgusi.

Bugungi kunda Prezidentimiz  Sh.M.Mirziyoyev tomonidan xotin-qizlar masalalariga qaratilgan bir necha  qaror va farmoyishlar qabul qilingan boʻlib, prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar jarayonida xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini yuksaltirish, huquq va manfaatlarini taʼminlash, salomatligini mustahkamlash, onalik va bolalikni muhofaza qilishga alohida eʼtibor qaratilayapti. Ilm-fan sohasida izlanayotgan xotin-qizlar har tomonlama qoʻllab-quvvatlanib, olima ayollar tajribasini ommalashtirish, ularning ilmiy-tadqiqot va izlanishlar olib borishi uchun sharoit yaratish, innovatsion ishlanmalarini hayotga tatbiq etish va ilmiy toʻplamlarini nashr qilishga koʻmaklashish borasida zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

“Xalqimiz bizdan rozi boʻlsin, desak, avvalo, muhtaram onaxonlarimiz, opa-singillarimiz, qizlarimiz uchun munosib turmush sharoitini yaratishimiz kerak”, deydi muhtaram prezidentimiz.

Barchamizga ayonki, onalarni, ayol zotini eʼzozlash el-yurtimiz uchun azal-azaldan ezgu qadriyat boʻlib kelgan. Biz mehr-muhabbat va odamiylikning ilk saboqlarini aziz onalarimizdan, ularning beshigimiz uzra parvona boʻlib aytgan alla ohanglaridan olamiz. Darxaqiqat, biz hayotimiz mazmuni boʻlgan sevgi va sadoqat , mehr-muhabbat, nazokat va latofat kabi eng nozik, sirli tuygʻularni Yaratganimizning beqiyos moʻjizasi boʻlmish ayol zotisiz aslo tasavvur eta olmaymiz.

Gender tengligini taʼminlash, davlat va jamiyat barqarorligining asosi boʻlgan siyosiy ijtimoiy-iqtisodiy vazifalarni amalga oshirishda ayollarning toʻliq ishtirokini taʼminlashga doir koʻplab ishlar amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda xotin-qizlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish, oila mustahkamligini taʼminlash borasidagi  davlat siyosati bilan har qancha faxrlansak arziydi.

E.S. Sultanova
JIDU Xotin – qizlar kengashi raisi