Oʻzbekiston va Yaponiya strategik sherikligida yangi davr
27.02.2022 4056
O‘zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishgandan soʻng o‘zining sharqiy yo‘nalishdagi tashqi siyosatida Yaponiya bilan davlatlararo munosabatlar va manfaatli hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga alohida e’tibor berdi. Oʻzbekiston va Yaponiya oʻrtasidagi diplomatik munosabatlar 1992-yilning yanvar oyida o‘rnatilgan hamda 1992-yilda Toshkent shahrida Yaponiyaning elchixonasi, 1996-yilda esa Tokioda Oʻzbekiston Respublikasining elchixonasi oʻz faoliyatini boshladi hamda ikki davlat oʻrtasida teng huquqli diplomatik aloqalar oʻrnatildi.
Oʻtgan yillar mobaynida ikki mamlakat rahbarlari oʻrtasida koʻplab oliy darajadagi uchrashuvlar amalga oshirildi hamda rasmiy hujjatlar imzolandi. Xususan, 1994-yil, 2002-yil va 2011-yilda Yaponiyada hamda 2006-yil avgustda O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan mamlakat rahbarlari o‘rtasidagi oliy darajadagi uchrashuvlar ikki mamlakat o‘rtasidagi manfaatli va do‘stona aloqalarga yangicha ma’no-mazmun bag‘ishladi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti Islom Karimovning 2002-yilda Yaponiyaga davlat tashrifi doirasida Yaponiya Bosh vaziri J.Koidzumi bilan uchrashuvida strategik sheriklik, o‘zaro do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi Qo‘shma bayonot imzolandi. Ushbu bayonot ikki mamlakatning hozirgi zamon xalqaro munosabatlardagi ko‘plab muammolar bo‘yicha qarashlari va munosabatlari o‘xshashligi, shuningdek, ularning ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirishga intilishlarini tasdiqlovchi rasmiy hujjat bo‘lib xizmat qildi. Tashrif chogʻida 15 ga yaqin shartnomalar imzolandi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil fevralda Yaponiyaga qilgan navbatdagi davlat tashrifi davomida ham ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish, turli sohalarga investitsiyalar jalb qilish va diplomatik aloqalarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish uchun xizmat qiluvchi qator shartnomalar tuzishga erishildi. Bundan tashqari, 2015-yilning oktabr oyida Yaponiya bosh vaziri Sindzo Abening O‘zbekistonga tashrifi doirasida umumiy qiymati 9 mlrd. dollarni tashkil qiladigan loyihalarni amalga oshirishga kelishib olindi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2017-yildan O‘zbekistonning boshqa davlatlar bilan diplomatik munosabatlarida yangi davr boshlandi. Jumladan, 2019-yilning dekabr oyida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Yaponiyaga davlat tashrifi boʻlib oʻtdi. Davlatimiz rahbari ikki tomonlama koʻp qirrali aloqalarni sifat jihatidan yangi darajaga koʻtarish borasidagi urinishlari qatʼiy ekanini taʼkidladi va konstruktiv siyosiy muloqotni davom ettirish kerakligini aytib oʻtdi. Ushbu tashrif davomida Oʻzbekiston Respublikasi va Yaponiya oʻrtasidagi strategik sheriklik hamda doʻstlik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalari koʻrib chiqildi.
Yuqorida sanab oʻtilgan davlat tashriflari va shartnomalarda asosiy hamkorlik yoʻnalishi sifatida savdo-iqtisodiyotga e’tibor berildi. Xususan, Yaponiya tomonidan asosiy eʼtibor mamlakatimizda iqtisodiy islohotlarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan. Oʻtgan yillar mobaynida yapon texnologiyalari va investitsiyalarini O‘zbekistonning mashinasozlik, energetika, neft-gaz, kimyo, va to‘qimachilik sanoati kabi tez rivojlanayotgan sohalariga jalb etish uchun qator shartnoma va bitimlar tuzishga erishildi. 2016-yildan boshlab ikki davlat oʻrtasidagi savdo-sotiq dinamikasida ham yangi davr boshlandi.
Bugungi kunda Respublikamizda Yaponiya sarmoyasi ishtirokida tashkil etilgan o‘ndan ortiq korxonalar faoliyat ko‘rsatmoqda, shuningdek oʻn beshta yapon kompaniyalarining vakolatxonalari akkreditatsiyadan o‘tgan. Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Yaponiya qo‘mitasi oʻzaro aloqalarni rivojlantirishga salmoqli hissa qo‘shib kelmoqda. Isuzu, Sumitomo, Mitsubishi va boshqa yetakchi yapon kompaniyalarining yurtimiz hududida faoliyat olib borayotgani buning yaqqol misolidir. 2019-yilning oʻzida Yaponiya sarmoyadorlari bilan qishloq xo‘jaligi va sanoatni modernizatsiya qilish, energetika, sog‘liqni saqlash va boshqa sohalardagi qator loyihalarni amalga oshirish uchun yoʻnaltirilgan umumiy qiymati 6 milliard dollardon koʻp boʻlgan shartnomalar tuzilgani ham buning yaqqol isbotidir.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2019-yilning dekabr oyida Yaponiyaga davlat tashrifi davomida ham energetika, mashinasozlik, neft-kimyo sanoati, qishloq xoʻjaligi va boshqa koʻplab ustuvor yoʻnalishlarda, Yaponiya yetakchi kompaniya va banklarining toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalari va ilgʻor texnologiyalarini jalb qilishga oid bir qator shartnomalar maʼqullandi. Shu davrdan boshlab O‘zbekiston Yaponiyaga mayiz, quritilgan o‘rik va shu kabi turli xil quruq meva mahsulotlarini yetkazib berishni yo‘lga qo‘ydi. Yaponiya hukumati tomonidan mamlakatga kirib kelayotgan mahsulotlar xavfsizligi va sifati borasida yuqori standartlarni o‘rnatilganligini hisobga olsak, import mahsulotlari ro‘yxatida Vatanimizda yetishtirilgan mahsulotlarning ham borligi muhim yutuqdir.
Hozirgi kunda yurtimizdagi iqtisodiyot tarmoqlariga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar jalb etilmoqda va xorijiy sarmoyador uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Investorlarning faoliyatini himoya qilish va ragʻbatlantirish uchun zarur normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Mamlakatimizda biznesni rivojlantirishga toʻsiq boʻlayotgan koʻplab muammolarga barham berildi, tashqi savdo oʻsdi va bojxona tariflari nazorati sezilarli darajada kamaytirildi. Natijada, ikki mamlakat oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarda sezilarli darajada oʻsish kuzatildi.
Jumladan, 2020-yilda Oʻzbekiston Respublikasi va Yaponiyaning tashqi savdo aylanmasi miqdori $207,2 mln. ni tashkil qildi va eksport –$ 7,6 mlnni, import esa – $ 199,6 mln ni tashkil qildi Bunda eksport quyidagi sohalarda yuqori ulushga ega boʻldi: Xizmatlar – $ 2,5 mln; Kimyoviy mahsulotlar – $ 1,7 mln; Mashina va asbob-uskunalar – $1,7 mln. Import esa: Qora metallar – $189,2 mln; Oziq-ovqat mahsulotlari – $ 6,1 mln; Mashina va asbob-uskunalar – $ 964,1 ming” ushbu sohalarda yuqori bo’ldi.
Ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona hamda ishonchli munosabatlar ilmiy-texnikaviy, investitsion, madaniy-gumanitar sohalarda manfaatli hamkorlikni rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratadi. Chunki oʻzaro hamkorlikni yanada kengaytirish O‘zbekiston va Yaponiyaning milliy manfaatlariga xos boʻlgan siyosatdir. Madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlik alohida eʼtiborga molikdir. Madaniyatlararo muloqotni muvaffaqiyatli rivojlantirishda 1999-yilda taʼsis etilgan “Oʻzbekiston-Yaponiya” doʻstlik jamiyatining salmoqli oʻrni bor. 2001-yilda Toshkent shahrida ochilgan Yapon bogʻi oʻzbekistonliklarning turli tantanali tadbirlar oʻtkazadigan sevimli maskaniga aylangan. Yaponiyada ham xalqimizning qadimiy tarixi va madaniyatiga boʻlgan qiziqish katta albatta, jumladan, 2004-yil Yaponiyaning Soka universitetida oʻzbek adabiyotining mumtoz vakili Alisher Navoiyning haykali qad rostladi. 2021-yilning iyun oyida Oʻzbekistonning Yaponiyadagi elchixonasida “Oʻzbekiston-Nagoya” doʻstlik assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda “Nagoya Toshkent bilan uchrashadi” nomli tadbir tashkil qilindi. Ushbu anjuman doirasida davlatimizing turistik salohiyatiga oid seminar, xalqimizning tarixiy-madaniy merosi taqdimoti va Oʻzbekiston xalq amaliy sanʼati koʻrgazmasi boʻlib oʻtdi. Suhbat chogʻida kelgusi yilda ikki davlatda diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 30 yilligi keng nishonlanishi qayd etilib, qator madaniy tadbirlarni tashkil etish masalasi muhokama qilindi. Jumladan, Oʻzbekistonda “Yaponiya kinosi kunlari”ni oʻtkazish, yapon badiiy va hujjatli filmlarini Oʻzbekiston telekanallarida namoyish etish, Toshkent xalqaro kinofestivaliga yapon kinosi taniqli arboblarini va Xalqaro anʼanaviy amaliy sanʼat festivaliga yapon ustalarini yuborish, shuningdek, koʻrgazmalar, choy marosimi va boshqa anjumanlarni oʻtkazish boʻyicha fikr almashildi.
Bugungi kunda oʻzbekistonlik yoshlar tomonidan Yaponiyada taʼlim olishga qiziqish kata va yapon tilini mamlakatimiz yigit-qizlari qiziqib oʻrganmoqda. Mamlakatimizda hozirgi kunda oltita oliy oʻquv yurti taʼlim dasturlariga yapon tilini oʻrganish kiritilgan. Shuningdek, Yaponiya xalqaro hamkorlik tashkiloti (JICA) ning yordami bilan bir qator oliy oʻquv yurtlarida yapon tilini oʻrganish markazlari ochilgan. Bundan tashqari Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida ikki mamlakatning taʼlim va madaniyat sohasidagi aloqalarini yanada chuqurlashtirishga xizmat qiladigan, Markaziy Osiyo mintaqasida yagona boʻlgan Yaponiya tadqiqotlari tahlil markazining ochilish marosimi oʻtkazildi.
Oʻzbekiston-Yaponiya madaniy-gumanitar hamkorligi toʻgʻrisida gapirganda, mamlakatimizda 1993-yildan beri samarali ishlab kelayotgan Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi faoliyatiga toʻxtalishimiz zarur. Ushbu tashkilotning mintaqaviy vakolatxonasi Oʻzbekiston Respublikasiga imtiyozli kreditlar ajratish hamda grantlar taqdim etish, shuningdek, oʻzbekistonlik mutaxassislar uchun Yaponiyada muayyan oʻquv amaliyotlari tashkillashtirish kabi yoʻnalishda yordam berib kelmoqda.
Xulosa qilib aytadigan boʻlsak, Yaponiya bizning strategik hamkorimizdir va Yaponiya bilan mamlakatimizda iqtisodiyot tarmoqlari hamda infratuzilmalarni modernizatsiya qilish boʻyicha koʻp ishlar qilinib kelinmoqda. Jahondagi koʻplab rivojlanayotgan davlatlar Yaponiya iqtisodiyoti tajribasini, uning bosib oʻtgan yoʻllarini tahlil qilgan holda oʻz mamlakatlarining iqtisodiy rivojlanishida qoʻllay olgan. Jumladan, Janubiy Korеya, Malayziya, Singapur, Indonеziya, Filippin, Tayvan kabi mamlakatlarda olib borilgan iqtisodiy islohotlarda aynan Yaponiya tajribasining koʻplab jihatlaridan unumli foydalanilgan. Shuning uchun ham Yaponiya iqtisodiyotini hamda rivojlanish modelini tahlil qilgan holda uning ba’zi bir jihatlarini O‘zbekistonda ham qo‘llash manfaatli bo’ladi. Shu tufayli ikki mamlakat oʻrtasida oʻzaro manfaatli aloqalarni yoʻlga qoʻyilishi juda muhim ahamiyat kasb etadi.
Dilmurod Dilmurodov,
“Xalqaro munosabatlar” fakulteti
2-bosqich talabasi