JIDU Kanadaning Karlton universiteti bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish masalalarini muhokama qildi
21.02.2022 1129
Oʻzbekiston Oliy Majlisi Senati raisining birinchi oʻrinbosari, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori Sodiq Safoyev va Oʻzbekiston elchisi Javlon Vahobov Kanadaning Karlton universiteti prezidentining oʻrinbosari Karen Shvars bilan onlayn-muloqot oʻtkazdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muzokaralarda, shuningdek, Norman Paterson nomidagi Xalqaro munosabatlar maktabi (NPSIA) direktori Iagadisen Sami va NPSIA huzuridagi Yevropa, Rossiya va Yevrosiyo tadqiqotlari institutining rahbari Krin Vidju-Milyushevich ishtirok etdi.
Videokonferensiya davomida ikki oliy taʼlim muassasasi faoliyati, xalqaro kadrlar tayyorlash sohasida oʻzaro hamkorlikni kengaytirish uchun ilmiy salohiyat va imkoniyatlar, universitetlar oʻrtasida talabalar, tadqiqotchilar va oʻqituvchilar almashuvini yanada muvofiqlashtirishning amaliy jihatlari toʻgʻrisida atroflicha maʼlumotlar almashildi.
Kanada vakillari Oʻzbekiston uchun oliy taʼlim sohasidagi xalqaro hamkorlikni mustahkamlash borasidagi ustuvor vazifalar bilan batafsil tanishtirildi. Xorijiy davlatlar, xususan, Kanada universitetlari bilan bevosita hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish zarurligiga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Rektor Sodiq Safoyev JIDUning tashkil etilishi tarixi, tarkibiy boʻlinmalari, taʼlim yoʻnalishlari, xalqaro hamkorligi, shuningdek, universitetning kelgusi yillarga moʻljallangan rivojlanish rejasi haqida toʻxtaldi.
Rektor hozirgi kunda 81 nafar oʻzbekistonlik talaba “El-yurt umidi” jamgʻarmasi grantlari hisobidan AQSHning 29 ta universitetida tahsil olayotganini taʼkidladi. Ulardan 63 nafari bakalavr, 17 nafari magistr va 2 nafari esa doktorantura dasturlarida oʻqishmoqda. JIDUning yana bitta vakili Kanadada taʼlim olmoqda. Shu munosabat bilan, Karlton universitetida oʻzbekistonlik talabalarning iqtisodiyot, huquq va xalqaro munosabatlar sohasidagi mashgʻulotlarini tashkil etish taklif etildi.
Yevroosiyo, MDH va Markaziy Osiyo boʻyicha qoʻshma mintaqaviy tadqiqotlar oʻtkazish hamkorlikning yana bir yoʻnalishi sifatida belgilandi. Sodiq Safoyev universitet ushbu hududlardagi vaziyatni tahlil qilish uchun tajribali mutaxassislar va tadqiqotchilarga ega ekanini maʼlum qildi. Shu munosabat bilan, JIDU rektori ikki universitet olimlari oʻrtasida oʻzaro hamkorlikda ilmiy-amaliy tadqiqotlar olib borish tashabbusini ilgari surdi.
Karlton universiteti prezidentining xalqaro aloqalar boʻyicha oʻrinbosari Karen Shvars JIDU bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish tashabbusini olqishlar ekan, Kanada tomoni Karlton universitetining Oʻzbekiston bilan sheriklik aloqalarini oʻrnatishdan manfaatdor ekanini bildirdi. Uning soʻzlariga koʻra, universitet JIDU bilan oʻzaro Anglashuv memorandumi loyihasini koʻrib chiqishga tayyor.
Karen Shvarsning taʼkidlashicha, ushbu hujjat samarali va uzoq muddatli aloqalarni yanada rivojlantirishga koʻmaklashadi, professor-oʻqituvchilar va talabalar almashuviga asos boʻladi, shuningdek, universitetlar oʻrtasidagi turli ilmiy loyihalarga zamin yaratadi. “Karlton universiteti xalqaro tadqiqot loyihalarini faol amalga oshirib kelmoqda va dunyodagi koʻplab sheriklar bilan strategik tadqiqotlar sohasida aloqalar oʻrnatgan, - dedi u. - JIDU ham bu boradagi ishonchli sherik boʻlishi mumkin”.
Suhbat yakunida yaqin kelajakda hamkorlar oʻrtasida oʻzaro Anglashuv memorandumini tayyorlash va imzolash toʻgʻrisidagi kelishuvga erishildi.
Eslatib oʻtamiz, Karlton universiteti 1942-yilda oʻz faoliyatini boshlagan va u 6 ta fakultetdan tashkil topgan. Ayni paytda universitetda 24 mingdan ortiq talaba tahsil olmoqda. “UI GreenMetric” maʼlumotlariga koʻra, 2020-yilda ushbu oliy taʼlim maskani jahon universitetlari reytingida barqaror rivojlanish koʻrsatkichi boʻyicha Ontario provinsiyasida birinchi, Kanadada esa ikkinchi oʻrinni egalladi.
Karlton universiteti huzuridagi Norman Paterson nomidagi xalqaro munosabatlar maktabi Kanadada yetakchi oʻringa ega va xalqaro aloqalar boʻyicha professional taʼlim muassasasi hisoblanadi. 1965-yilda tashkil etilgan ushbu maktab Kanadaning Xalqaro aloqalar professional maktablari assotsiatsiyasidagi yagona toʻla huquqli aʼzosi hisoblanadi.