Yoshlarda milliy g‘ururni shakllantirishda tarixiy allomalarning o’rni
12.01.2022 1122
v O‘zbek xalqining ma’naviyatida millatning o‘tmishi, hozirgi kuni o‘z ifodasini topgan. Bizning ozod O‘zbekiston dunyoda madaniyatning barcha sohalarida minglab jahonshumul ulug‘ zotlar, allomalar, davlat arboblarini yetishtirib bergan.
Universitetda 2022-yil 11-yanvar kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektorining O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining 2022-yil 6-yanvardagi 2-sonli “Ta’lim muassasalarida 2021/2022-o‘quv yilining ikkinchi yarmini yangicha tartibda boshlash uchun to‘liq va puxta tayyorgarlik ko‘rish hamda qishki ta’til davrini mazmunli o‘tkazish to‘g‘risida”gi buyrug‘ining 6-bandi hamda “2021/22-o‘quv yilida yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar yo’nalishida amalda oshiriladigan ishlar rejasi”ning 19 va 45 bandlari ijrosini ta’minlash maqsadida “Yoshlarda milliy g‘ururni shakllantirishda tarixiy allomalarning o‘rni” mavzusida tashkil etilgan onlayn davra suhbati ham talaba-yoshlarda milliy g‘urur va iftixor tuyg‘ularini tarbiyalashga qaratildi. Ushbu ma’naviy-ma’rifiy tadbirda “Siyosatshunoslik” kafedrasi professori, siyosiy fanlar doktori E.Sultanova mavzuga oid taqdimot bilan ma’ruza qilib, unda jahon madaniyatining ajralmas uzviy qismi hisoblangan o‘zbek milliy-ma’naviyati, Sharq Uyg‘onish davri, O‘rta asrlar Sharq allomalari va mutafakkirlarining tarixiy merosi, uning zamonaviy sivilizatsiya rivojidagi roli va ahamiyati xususida to‘xtalib o‘tdilar. Shuningdek, suhbat davomida XX asr boshlarida o‘zining ma’rifatparvarlik faoliyati va fidokorona xizmatlari bilan milliy ta’lim-tarbiya tizimini yaratish hamda yurtimiz istiqloli, xalqimizning ozodligi va erkinligi, kelajak avlodlarning obod va farovon hayotini ta’minlashga beqiyos hissasi qo‘shgan Jadidchilik harakati namoyondalari (Аbdulla Аvloniy, Mahmudxo‘ja Behbudiy va Munavvarqori Аbdurashidxonov) adabiy merosi haqida ma’lumotlar berildi. Xalqaro munosabatlar fakulteti dekan muovini S.Tillaxo‘jayeva ham yoshlarning ma’naviyatini yuksaltirish, barkamol shaxs tarbiyasida buyuk bobolarimiz asarlarini o‘rganishning ahamiyati haqida aytib o‘tdilar. Onlayn suhbatda talabalar ham mavzu bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar. O‘z buyuk ajdodlarini e’zozlagan, ularning ilmiy merosi, bunyodkor g‘oyalarini o‘zining ma’naviy taraqqiyoti mayog‘i sifatida tutgan xalq hech qachon kam bo‘lmaydi. Shunday ekan, barchamiz yurtimiz kelajagi va rivoji uchun daxldorlik hissi bilan yashashimiz, faxrlansak arziydigan tarixi va qadriyatlari bor Vatanimizga xizmat qilishni o‘zimizning burchimiz deb qarashimiz, shunday e’tiqodga ega bo’lishlari zarur.