11.12.2021 1428

“Xalqaro munosabatlar” fakulteti 2-bosqich talabasi Dilmurod Dilmurodov joriy yilning 6-9-dekabr kunlari Samara shahrida Rossiya Federatsiyasining Fan va oliy ta’lim vazirligi tomonidan tashkil etilgan “Rossiya-Oʻzbekiston yoshlar forumi”da ishtirok etdi.

Anjuman davomida Rossiya va Oʻzbekiston yoshlari oʻrtasidagi hamkorlikning joriy holati, kelgusidagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari toʻgʻrisida, shu bilan birga, innovatsiya, raqamlashtirish, ekologiya, yoshlar tadbirkorligi hamda volontyorlik yoʻnalishlari boʻyicha sessiyalarda muhokamalar olib borildi.

Forumdan ko‘zlangan asosiy maqsad Rossiya Federatsiyasi hamda O‘zbekiston Respublikasi orasida yoshlar siyosati sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish va ikki mamlakat o‘rtasida do‘stlik aloqalarini yanada mustahkamlashdan iborat.

Forum davomida har ikki mamlakat ishtirokchilari tomonidan hozirgi hamkorlik, kelajak loyihalari va istiqbolli rejalar to‘g‘risida fikr almashildi. Talaba-yoshlar turli yo‘nalishlarda guruhlar kesimida o‘z tajribalarini almashdi.

Xususan, media, innovatsiya, raqamlashtirish, ekologiya, tadbirkorlik hamda volontyorlik yo‘nalishlari bo‘yicha muhokamalar olib borildi. JIDU talabasi Dilmurod Dilmurodov ilm-fan yo‘nalishi bo‘yicha “O‘zbekiston – Rossiya: mintaqaviy hamkorlik. Yoshlar va ta’lim” mavzusidagi taqdimoti bilan ishtirok etdi.