"Korrupsiyaga qarshi kurash – barchamizning ustuvor vazifamizdir"
02.12.2021 1420
2021-yil 30-noyabr kuni O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida “O’zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish hamda ushbu sohada xalqaro huquqiy hamkorlikning dolzarb masalalari” mavzusida tadbir bo’lib o’tdi. Tadbirda Vazirlik xodimlari, O’zbekistonning chet eldagi elchixonalari va konsullik muassasalari vakillari (onlayn) hamda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti professor-o’qituvchilari va talabalari ishtirok etdilar.
Tadbirda O’zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Korrupsiyaga qarshi kurash Agentligi vakillari so’zga chiqib, korrupsiyaga qarshi kurash sohasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, samarali hal etish mexanizmlari, milliy va xalqaro institutlar, xalqaro korrupsiyaga doir indekslarni e’lon qiluvchi saytlar va institutlar, shuningdek mansab vakolatidan kelib chiqqan holda sodir etiladigan jinoyatlarga sabab bo’luvchi Ijtimoiy, siyosiy, huquqiy va iqtisodiy omillar haqida atroflicha to’xtalib o’tildi. Shu bilan birga tadbir davomida, mazkur illat davlatning turli sohalariga, mamlakatning xalqaro maydondagi imidji va investitsiyaviy jozibadorligiga salbiy taʼsir ko‘rsatishi aytib o’tildi.
Mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish hamda ushbu turdagi jinoyatlarni sodir etilishini oldini olishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar tizimli ravishda amalga oshirilishi zarurligi ta’kidlandi.
Bundan tashqari onlayn tarzda ishtirok etgan O’zbekistonning chet eldagi elchixonalari va konsullik muassasalari vakillari mavzuga doir fikr-mulohazalar va takliflarini bildirdilar.