18.11.2021 3624

Bu yil 18-noyabrda mustaqil, ozod va obod Vatanimiz, hurligimiz ramzi – O‘zbekiston Respublikasi Bayrog‘i qabul qilinganligiga 30 yil to‘ladi. Shu munosabat bilan Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Vatanimiz bayrog‘i-faxrimiz, g‘ururimiz” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Tadbirda ishtirok etgan “Taraqqiyot strategiyasi” markazi bo‘lim boshlig‘i, yuridik fanlar nomzodi N.Nodirxonova “O’zbekiston Respublikasi davlat bayrog’i to‘g‘risida”gi Qonuning mazmun mohiyati asosida “Vatanimiz bayrog‘i-faxrimiz, g‘ururimiz!” mavzusida ma’ruza qildi.

O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i O‘zbekiston Respublikasi davlat suverenitetining ramzidir. O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i xalqaro munosabatlarda O‘zbekiston Respublikasining timsoli bo‘ladi.

Talabalarning she’riy chiqishlari tadbirga o‘zgacha kayfiyat bag‘ishladi. Shuningdek, universitet talabalari tomonidan tayyorlangan videorolik ham namoyish etildi.

Ko‘kda hilpirar mag‘rur, O‘zbekiston bayrog‘i
Dillarga solar g‘urur, O‘zbekiston bayrog‘i
“O‘z bayrog‘im” deb xalqim, dilda qilar iftixor
Undagi har bir rangning, o‘z ramzi, ma’nosi bor

Darhaqiqat, bu kabi tadbirlar talaba-yoshlarda ma’naviy-axloqiy fazilatlar, vatanparvarlik, davlat ramzlariga hurmat tuyg‘usini shakllantirishga muhim ahamiyat kasb etadi.

Zero, Davlat ramzlari hamisha muqaddas va ulug‘ sanaladi. Chunki u xalqning o‘tmishi, buguni va kelajagini o‘zida mujassam etgan Vatanning yorqin timsolidir.