28.09.2021 1613

VASHINGTON, 28-sentyabr. /“Dunyo” AA/. Oʻzbekiston Oliy Majlisi Senati raisining birinchi oʻrinbosari Sodiq Safoyev boshchiligidagi delegatsiya AQSHga tashrif davomida “Atlantika kengashi” tahliliy markazida boʻlib oʻtgan brifingda ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Oʻzbekistonning AQSHdagi elchixonasidan maʼlum qilinishicha, “Atlantika kengashi” 1961-yilda Shimoliy Atlantika shartnomasi tashkiloti qoshida tashkil etilgan tahliliy markaz hisoblanadi. Kengash oʻnta mintaqaviy markaz va funksional dasturlarni, jumladan, xalqaro xavfsizlik, demokratik oʻzgarishlar va global iqtisodiyotga ixtisoslashgan Yevroosiyo markazini boshqaradi.

Tadbir Oʻzbekistondagi islohotlar va ularning borishi, ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari, shuningdek, Afgʻonistondagi vaziyat bilan bogʻliq mintaqaviy xavfsizlik muammolarini muhokama qilishga bagʻishlandi.

Brifingda AQSH Prezidentining sobiq yordamchisi, yangi Amerika xavfsizlik markazi Hind-Tinch okeani dasturi direktori (CNAS) Lisa Kurtis, davlat kotibining sobiq oʻrinbosari, Skoukroft strategiya va xavfsizlik markazi rahbari, elchi Paula Dobryanski maʼruzachilar sifatida ishtirok etdi. Anjumanga “Atlantika kengashi”ning Yevroosiyo markazi direktori, AQSHning Oʻzbekistondagi sobiq elchisi Jon Xyorbst boshlovchilik qildi.

Brifingda Oq uy, Davlat departamenti, AQSH mudofaa vazirligi rasmiylari, sobiq kongressmen va diplomatlar, shuningdek, nufuzli ekspert-tahlil va siyosat doiralari vakillari onlayn tarzda qatnashdi.

Tadbir davomida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati, jamiyatni siyosiy va iqtisodiy modernizatsiyalashni chuqurlashtirish jarayonlari, Oʻzbekistonda boʻlajak Prezident saylovining ahamiyati va ularni xalqaro meʼyorlarga muvofiq oʻtkazishga qaratilgan saʼy-harakatlar hamda mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlashga qaratilgan saʼy-harakatlar haqidagi atroflicha maʼlumot taqdim etildi.

SHHTga aʼzo davlatlar rahbarlari kengashining 17-sentyabr kuni Dushanbe shahrida boʻlib oʻtgan sammitida hamda 21-sentyabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 76-sessiyasida Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan bayon etilgan mintaqadagi vaziyatni rivojlantirish va Afgʻoniston muammosini hal etish yoʻlidagi birgalikdagi saʼy-harakatlar boʻyicha Oʻzbekiston nuqtayi nazari alohida qayd etildi

Lisa Kurtis oʻtgan yillar davomida oʻzaro doʻstlik va strategik aloqalarni mustahkamlashda Toshkent va Vashington muhim natijalarga erishganini taʼkidladi. “Mamlakatda Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida ulkan oʻzgarishlar roʻy bermoqda. Tobora ochilib borayotgan iqtisodiyotning guvohi boʻlayapmiz. Oʻzbek xalqi farovonligini oshirishga qaratilgan siyosiy islohotlar boʻyicha tashabbuslar ilgari surilmoqda”.

Oʻzbekiston mintaqaviy integratsiya jarayonlarining drayveri sifatida Markaziy va Janubiy Osiyo oʻrtasidagi oʻzaro bogʻliqlikni kengaytirishni mustahkamlayotgani taʼkidlandi.

Ishtirokchilar Afgʻonistonni inqirozdan keyingi qayta qurish uchun iqtisodiy ragʻbatlantirish, jumladan, Oʻzbekiston tashabbusi bilan Transafgʻon temir yoʻlining qurilishi loyihasini amalga oshirish boʻyicha fikr almashdi.

AQSH Prezidentining sobiq yordamchisi joriy yil yanvar oyida Toshkentda AQSH xalqaro taraqqiyot Moliya korporatsiyasi (DFC) bilan hamkorlikda Markaziy Osiyo investitsiya fondini yaratish boʻyicha erishilgan kelishuvning ahamiyatini taʼkidladi. Shu munosabat bilan u Jo Bayden maʼmuriyatini oshkoralik va moliyaviy barqarorlik standartlariga javob beradigan xususiy sektorni jalb qilgan holda mintaqadagi yirik infratuzilma loyihalarini ilgari surish maqsadida ushbu tashabbusning barvaqt ishga tushirilishini taʼminlashga chaqirdi.

Elchi Paula Dobryanskiy oʻz manfaatlaridan kelib chiqqan holda barcha yirik davlatlar bilan muvozanatli aloqalarni saqlab turgan Oʻzbekistonning konstruktiv tashqi siyosatini maʼqulladi.

Brifing ishtirokchilari Oʻzbekistonning yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini mustahkamlash siyosati, shuningdek, Afgʻonistondagi vaziyatni hal etish yondoshuvlariga qatʼiy sodiqligini mamnuniyat bilan qarshi oldi.

Manba: OʻzA