Markaziy va Janubiy Osiyo munosabatlari: umumiy oʻtmishdan farovon kelajakka
18.08.2021 1577
2021-yil 18-avgust kuni “Markaziy va Janubiy Osiyoning oʻzaro bogʻliqligi: poydevori, istiqbollari, geostrategik ahamiyati” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya boʻlib oʻtdi.
Tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti tomonidan Konrad Adenauer jamgʻarmasining Markaziy Osiyo boʻyicha vakolatxonasi va Markaziy Osiyo xalqaro instituti bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Konferensiya ishida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, Markaziy va Janubiy Osiyo hamda boshqa qator davlatlarning tashqi siyosiy idoralari, parlamentlari vakillari, yetakchi olim va ekspertlari ishtirok etdi.
Tadbir davomida 2021-yil iyul oyida Toshkent shahrida Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan oʻtkazilgan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy oʻzaro bogʻliqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” konferensiyasi yakunlari atroflicha muhokama va tahlil qilindi.
Soʻzga chiqqanlar Toshkent konferensiyasini yuksak baholab, u savdo, iqtisodiyot, transport, kommunikatsiya, madaniyat va gumanitar hamkorlik yoʻnalishidagi oʻzaro manfaatli strategik loyihalarni ishlab chiqish uchun maydonchaga aylanganini taʼkidladilar.
Konferensiya ishtirokchilari tomonidan soʻnggi kunlarda Afgʻonistondagi voqealar keskin rivojlanayotgani mintaqadagi vaziyatni chuqur va har tomonlama tushunib yetish, tinchlik va barqarorlikni saqlash yoʻllarini izlash, barqaror rivojlanish shart-sharoitlarini taʼminlash zarurligini yana koʻrsatib bergani eʼtirof etildi. Ishtirokchilarning fikricha, bu ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni hal etishga koʻmaklashadigan mintaqaviy loyihalarni amalga oshirishda mintaqadagi mamlakatlar oʻrtasida koʻp tomonlama hamkorlikni mustahkamlash yuzasidan Toshkentda boʻlib oʻtgan konferensiyada bildirilgan taklif va tashabbuslar dolzarbligini yana bir bor isbotlaydi.
Shu bilan birga, ular investitsiya, transport va kommunikatsiya, suv-energetika, ekologik, madaniy-gumanitar siyosat sohasidagi dolzarb muammolarni tadqiq etish maqsadida Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari oʻrtasida hamkorlikning nazariy masalalarini oʻrganish, ilmiy tadqiqot yoʻnalishlarini aniqlash masalalariga alohida eʼtibor qaratishdi.
Muhokama chogʻida tadbir ishtirokchilari tomonidan Toshkent konferensiyasida ilgari surilgan tashabbuslarni amalga oshirish boʻyicha aniq takliflar, shuningdek, hozirgi zamondagi muammolar va tahdidlarga qarshi kurashish uchun mintaqani rivojlantirish va salohiyatni oshirishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirishda xalqaro tashkilotlar va fuqarolik jamiyati institutlarining rolini mustahkamlash boʻyicha tavsiyalar berildi.
Umuman olganda, xalqaro forum Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari oʻrtasidagi mintaqaviy aloqalarni rivojlantirish va mustahkamlashning barcha dolzarb masalalarini erkin ilmiy jihatdan va ekspertlar ishtirokida muhokama etish uchun faol platformaga aylandi.
Munozaralar natijalarini umumlashtirib, ishtirokchilar koʻtarilgan muammolarni hal qilish bir yillik vazifa emas, degan xulosaga kelishdi. Yuz berayotgan jarayonlarni doimiy monitoring qilish, fundamental va amaliy tadqiqotlar olib borish talab etiladi, buning uchun tadqiqotchilar eʼtiborini tegishli ilmiy sohalarga qaratish zarur.
Shu nuqtayi nazardan konferensiya maqsadlariga erishish mintaqalar salohiyatini yana-da mustahkamlashda parlamentlar rolini mustahkamlash va parlament diplomatiyasi vositalaridan faol foydalanishni talab etadi.
Ilmiy-amaliy konferensiya yakunlari boʻyicha keng auditori uchun “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy oʻzaro bogʻliqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi Toshkent konferensiyasining asosiy natijalari va yutuqlarini batafsil izohlab beruvchi uslubiy qoʻllanma tayyorlashga qaror qilindi.