Orol muammosi muhokamasiga bagʻishlangan yigʻilish
29.07.2021 1953
Oliy Majlis Senati tomonidan Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish masalalari qoʻmitasining navbatdagi majlisi oʻtkazildi. Unda senatorlar, Qoʻmita ekspert guruhi aʼzolari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari doimiy komissiya raislari, vazirlik va idoralar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.
Majlisda Oliy Majlis yuqori palatasining oʻn yettinchi yalpi sessiyasida koʻrib chiqishi rejalashtirilgan masalalarning dastlabki muhokamasi boʻlib oʻtdi. Mazkur muhokamada ekspert guruhi aʼzolaridan Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori maslahatchisi, siyosiy fanlar doktori, professor Shuhrat Gʻoyibnazarov hamda universitetning “Xalqaro iqtisodiyot” kafedrasi mudiri, iqtisod fanlari doktori, professor Shavkat Sharifxodjayevlar faol qatnashishdi.
Bugungi kundagi eng yirik global ekologik falokatlardan biri boʻlgan, Markaziy Osiyodagi 60 milliondan ortiq xalqlar hayotiga taʼsir koʻrsatuvchi Orol dengizi fojiasi boʻlib, u orqali yuzaga keluvchi ekologik-iqlim, ijtimoiy-iqtisodiy va gumanitar muammolar mintaqada barqaror rivojlanish, sogʻliqni saqlash, genofond va unda yashayotgan odamlarning kelajagi uchun bevosita xavf tugʻdiradi.
Oʻzbekiston Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish hamda Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish borasida katta saʻy-harakatlarni amalga oshirmoqda. Bugungacha iqlim oʻzgarishiga moslashish va Orol inqirozi oqibatlarini kamaytirishga qaratilgan 300 ga yaqin loyiha amalga oshirildi. 2018-2021-yillarda Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish Davlat dasturi qabul qilindi. Taʻkidlash joizki, bugungi kunda ushbu ekologik inqiroz zonasida oʻxshashi yoʻq iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik vaziyatni yaxshilash boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.