02.07.2021 2061

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti Ilmiy ishlar boʻyicha prorektori Gulnoza Ismailova “Fifth annual Tartu conference on Russian and east European studies: Post-socialist (dis)orders” (Tartu, Estoniya) nomli konferensiyada “The current challenges in building resilient local government institutions: the case study of Uzbekistan” mavzusidagi nutqi bilan qatnashdi.

Tartu konferensiyasi Rossiya va Sharqiy Yevropada xalqlari hayotining barcha jabhalariga taʼsir qiluvchi asosiy madaniy, ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy tendensiyalarni ilmiy muhokama qilish platformasidir. 2016-yilning iyun oyida Horizon 2020 UPTAKE konsorsiumining flagmani hodisasi sifatida tashkil etilgan ushbu forum Yevropa va mintaqadan tashqarida turli soha olimlarni birlashtiradi. Joriy yilda  konferensiya Tartu universitetining Yevroosiyo va Rossiya tadqiqotlari markazi (CEURUS) tomonidan PONARS Eurasia tadqiqot tarmogʻi hamkorligida oʻtkazildi.

JIDU prorektori oʻz maʼruzasida tarixiy tahlil, mahalliy davlat hokimiyati organlarining hozirgi holatini, ularning rivojlanishida milliy tajribaning ijobiy va salbiy tomonlarini, qonunchilikdagi mavjud kamchiliklarni, mahalliy tizimning postsovet rivojlanishining kuchli va zaif tomonlarini ochib berdi.

Mamlakatimizda mahalliy kengashlar nazoratini mustahkamlash yoʻlidagi islohotlar hududlarning kelgusi taraqqiyotida muhim oʻrin tutadi. Nomarkazlashish  islohotlarining muvaffaqiyati uchun asosiy omillar – bu oʻzgarishlarning davlat boshqaruv tizimini yaxlit modernizatsiya qilish, zarur normativ-huquqiy bazani yaratish, mahalliy hokimiyat organlarining salohiyatini yetarli darajada rivojlantirish va qaror qabul qilish va byudjetni ajratishda ularning haqiqiy ishtirokini sezilarli darajada oshirishdan iborat.

Ishtirokchilarning toʻliq roʻyxati va mavzular bilan quyidagi havola orqali batafsil tanishish mumkin:

https://sisu.ut.ee/sites/default/files/tartuconference/files/schedule_of_panel_sessions_7_june.pdf