Italiyaning "Bocconi" Menejment maktabi bilan muzokaralar davom etmoqda
11.06.2021 1675
JIDU va Italiyaning “SDA Bocconi” Menejment maktabi oʻrtasida bir necha oy avval hamkorlik boʻyicha muzokaralar boshlangani haqida xabar bergan edik. Tomonlar oʻzaro manfaatli yoʻnalishlarni muhokama qilish maqsadida yana bir bor onlayn ravishda uchrashishdi. Unda Bocconi universiteti xalqaro taraqqiyot boʻyicha direktori Leonardo Etro, Xalqaro biznes taraqqiyoti boʻyicha menejeri Jakomo Korti, Xalqaro aloqalar boʻyicha JIDU prorektori, professor Saidmuxtor Saidqosimov, universitetdan vakillar qatnashishdi.
Ishtirokchilar oʻzaro xabar va maʼlumotlar almashuvi boʻyicha yuzaga kelgan savollar va mavzularni muhokamalar qilishdi. Xususan, magistratura yoʻnalishida ikki yillik onlayn oʻquv dasturini tashkil etish hamda JIDU va Italiyaning Bocconi Menejment maktabi oʻrtasida ikki tomonlama diplom “double degree” shaklida oʻquv dasturini yoʻlga qoʻyish masalalari kun tartibidan oʻrin olgan eng asosiy mavzular boʻldi. Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti shu kungacha bunday hamkorlik dasturlarida Yaponiya va Rossiya kabi davlatlar bilan tajriba mavjud. Yaqin kunlarda Xitoyning Shanxay universiteti va Italiyaning “SDA Bocconi” Menejment maktabi bilan ham ana shunday hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish kutilmoqda.
“SDA Bocconi” Menejment maktabi taʼlim oluvchilari asosan ish tajribasiga ega kishilar boʻlib menejment maktabi ham ularga boshqaruvning yuqori darajasida bilim beradi. Ayni shu koʻrsatkichdan kelib chiqqan holda JIDU bu hamkorlik dasturiga dastlab davlat xizmatchilari, menejment sohasida boshlangʻich tajribaga ega mutaxassislarni jalb etishni reja qilgan. Shuningdek, mazkur oʻquv dasturi nafaqat oʻzbekistonlik balki, Markaziy Osiyo va MDH mamlakatlaridan ham mutaxassislarni qamrab olishi kutilmoqda.