11.06.2021 1448

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti hamda Buyuk Britaniyaning Nortumbriya universiteti oʻrtasida hamkorlik aloqalari oʻrnatilgan edi. Tomonlar angliyalik professorlarning JIDU magistr va tadqiqotchilari uchun Nortumbriya universitetining ilmiy izlanishlari, oʻquv jarayoni haqida hamda xalqaro savdo, jahon iqtisodiyotidagi vaziyatlar boʻyicha onlayn maʼruza tashkil etishga kelishishgan. 9-iyun kuni ana shunday maʼruzalardan dastlabkisi “Global Britaniya: “Brexit”dan soʻng xalqaro savdodagi dolzarb masalalar” mavzusida boʻlib oʻtdi. Unda maʼruzachi sifatida Nortumbriya universitetining Liderlik va strategiyalar markazi rahbari Joys Liddl, Nyukasl Biznes maktabining (Newcastle Business School – NBS) davlat siyosati va menejment boʻyicha professori Jon Shattlar qatnashishdi.

Mazkur uchrashuvda shuningdek, Oʻzbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchixonasi vakillari, Nortumbriya universitetining boshqa professorlari, JIDU rahbariyati, professor-oʻqituvchilar tarkibi, tadqiqotchi va talabalari qatnashishdi. Tomonlarning oʻzaro tanishuv va kirish nutqidan soʻng, katta qiziqish va muhokamalarga sabab boʻlgan mavzu yuzasidan maʼruzalar boshlandi.

2021-yilning 1-yanvaridan Buyuk Britaniya oʻz kelajagini mustaqil aniqlash imkoniyati evaziga 48 yillik “birodari” boʻlgan Yevropa Ittifoqini (YEI) rasman tark etdi. Brexitdan soʻng Buyuk Britaniya Osiyo-tinch okeani mintaqasi mamlakatlari bilan erkin savdo bitimlarini tuzish niyatida. Bugungacha, rasmiy London Yaponiya, Kanada, Singapur, Shveysariya, Vyetnam va boshqa mamlakatlar bilan savdo bitimlarini imzoladi. 2022-yilga kelib esa savdo shartnomalar tuzilgan davlatlar Buyuk Britaniya tashqi savdosining 80 foizini tashkil etishi kutilmoqda. Bu voqealar Britaniya tashqi ishlar vazirligini moliyaviy yordam va taraqqiyotni qoʻllab-quvvatlash dasturini zudlik bilan oʻz tashqi siyosatiga kiritishga undadi.

Dunyo boʻylab biznes egalari Buyuk Britaniya – Yevropa Ittifoqi savdo shartnomasining oqibatlari bilan kurashishmoqda, ayniqsa taʼminot va yetkazib berish bilan yaqindan bogʻliq Buyuk Britaniya va Yevropa Ittifoqi kompaniyalari shular jumlasidan. Buyuk Britaniyadagi koʻp qismli ishlab chiqarish muassasalari hamda korporatsiyalari Yevropa Ittifoqidan joʻnatiladigan qismlarnig toʻsatdan kechikishi yoki toʻxtab qolishidan xavotirda. Shuningdek, uzoq chegara tekshiruvlari va portdagi tirbandliklarining yuzaga kelishi, oziq-ovqat, tibbiyot, yoqilgʻi va boshqa tovarlar tanqisligi ham kelib chiqishi mumkin degan firklar ham yoʻq emas. Bunday noaniqliklarni, Brexitdan keyin mintaqaning “yangi normal holatga” moslashishini har bir kompaniya mustaqil hal etishi kerak.

Keng muhokama, ilmiy asos va tahliliy axborotlarga boy maʼruza yakunida JIDU tinglovchilari Markaziy Osiyoda turizmni rivojlantirish, iqtisodiy koʻrsatkichlarni oshirish boʻyicha angliyalik professorlarning fikrlari bilan qiziqishdi hamda Brexitning oqibatlari, Yevropa mamlakatlari va global miqyosdagi taʼsiri boʻyicha oʻz mulohazalarini bildirdilar. Yosh tadqiqotchilarning Yevropadagi taʼlim, xususan Nortumbriya universitetidagi oʻqish jarayonlari toʻgʻrisidagi savollarga batafsil javob bergan ekspertlar bunday uchrashuvlarni oʻtkazishdan hamisha mamnun ekanliklarini va oʻzbekistonlik yoshlarning siyosiy jarayonlarga boʻlgan qiziqishini yuqori baholashdi.