25.05.2021 2107

25-may kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rahbariyati Toshkent shahrining Mirzo Ulugʻbek tumanida joylashgan bir qator maktablarda boʻlib, soʻnggi qoʻngʻiroq tadbirlarida ishtirok etishdi.

Xususan, JIDU rektori Komiljon Karimov tumandagi 207-sonli maktabga tashrif buyurib, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimiz maktablarini bitiruvchi yoshlarga yoʻllagan tabrigini oʻqib eshittirdi. Davlat rahbari tashabbusi bilan taʼlim sohasida mamlakatimizda olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlar, yangi, zamonaviy prezident maktablarining ochilishi, koʻplab yangi maktablar qurilishi va taʼmirlanishi hamda “Yangi Oʻzbekiston – maktab ostonasidan boshlanadi” degan shior asosida maktab taʼlimiga eng ustuvor masala sifatida eʼtibor qaratilayotganligi bitiruvchi oʻgʻil-qizlar tomonidan katta mamnuniyat bilan kutib olindi. 

Shuningdek, JIDUning Yoshlar bilan ishlash boʻyicha prorektori Laziz Mingishov hamda “Xalqaro iqtisodiyot va menejment” fakulteti dekani Mirzoumid Xamdamovlar 223-sonli maktabda boʻlib, bitiruvchi oʻgʻil qizlarga Prezident yoʻllagan tabrik maktubining mazmun-mohiyati va ahamiyatini atroflicha tushuntirib berdilar.

JIDU Magistratura fakulteti dekani Otabek Nayimov va “Xalqaro huquq” fakulteti dekani Shuxrat Urunbayevlar esa tumandagi 222-sonli maktabdagi soʻnggi qoʻngʻiroq tadbirlarida ishtirok etib, Prezidentning yoʻllagan tabrigini bitiruvchi yoshlarga oʻqib berishdi. Ular oʻz nutqida maktab taʼlimi bilan bir qatorda oliy taʼlim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar toʻgʻrisida bitiruvchi yoshlarga maʼlumot berdilar. Jumladan, mamlakatimizda koʻplab yangi universitetlarning ochilishi, nufuzli xorijiy oliy taʼlim muassasalarining filiallari tashkil etilayotganligi, universitetga kirishda qator imtiyozlar va imkoniyatlarning berilayotganligi aniq misollar asosida yoritib berildi.