COVID-19 pandemiyasining Markaziy Osiyo Barqaror rivojlanish maqsadlariga taʼsiri yoʻnalishida xalqaro konferensiya oʻtkazildi
21.05.2021 1924
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiyasi universitetida “COVID-19 pandemiyasi sharoitida Markaziy Osiyoda barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda imkoniyatlar va xavf-xatarlar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya boʻlib oʻtdi.
Unda Oliy Majlis Senati aʼzolari, mamlakat vazirliklari va idoralari vakillari, BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar ekspertlari, Markaziy Osiyo mamlakatlari olimlari va tadqiqotchilari, xorijiy oliy oʻquv yurtlari va ilmiy-tadqiqot institutlari hamda JIDU professor-oʻqituvchilari, katta ilmiy izlanuvchi xodimlari qatnashdi.
Tadbirning dastlabki qismida Oliy Majlis Senati Raisining birinchi oʻrinbosari Sodiq Safoyev, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori Komiljon Karimov, BMT TDning Oʻzbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska, Global Europe Center direktori, Kent universiteti professori Yelena Korosteleva, GCRF COMPASS (2017-2021) xalqaro ilmiy loyihasining koordinatorlaridan biri, Markaziy Osiyo boʻyicha Kembrij forumi raisi, Kembrij universiteti Rivojlanish tadqiqotlari markazi professori Sidxart (Montu) Saksena nutq soʻzlashdi.
Markaziy Osiyoda pandemiya oqibatidagi jahon savdosi koʻrsatkichlarining pasayishini mintaqaviy hamkorlik orqali bartaraf etish, COVID-19 dan zarar koʻrgan kichik biznes sektorini qoʻllab-quvvatlash, asosan ayollar mehnat qiluvchi xizmat koʻrsatish, toʻqimachilik va savdo sohasidagi karantin davri muammolarini yechish, jamiyatda parlamentarizmni rivojlantirish kabilar bugungi kunning dolzarb masalalaridan hisoblanadi.
Konferensiya davomida toʻrtta yoʻnalishda iqtisodiy oʻsishni taʼminlash, qashshoqlik va tengsizlikni kamaytirish, ijtimoiy himoyani kuchaytirish, xalqaro hamkorlik jihatlari, COVID-19 pandemiyasi nuqtayi nazaridan BRMga erishishda tahdid va imkoniyatlar va hokazolar koʻrib chiqildi.
Maʼruzalarda iqtisodiy oʻsish va bandlikni taʼminlash, COVID-19 pandemiyasi davrida va inqirozdan keyingi davrda ijtimoiy himoya tizimi samaradorligi, samarali boshqaruvning institusional va huquqiy jihatlari, barqaror rivojlanish maqsadida xalqaro hamkorlikni kengaytirish, sogʻliqni saqlash tizimlarini takomillashtirish, taʼlim va xizmatlar sifatini oshirish, iqlim oʻzgarishi oqibatlarining oldini olish masalalariga eʼtibor qaratildi.
Ishtirokchilar pandemiyaga qarshi tizimli choralar koʻrish borasida mintaqa mamlakatlari orttirgan tajribani oʻrganishdi, bu COVID-19 tarqalishi oqibatida kelib chiqadigan xatar va tahdidlarni, inqirozni bartaraf etish boʻyicha muhim ilmiy va amaliy takliflar hamda tavsiyalar ishlab chiqish va Markaziy Osiyoda BRMni amalga oshirishda muvaffaqiyatga erishish imkonini berdi.