10.05.2021 1795

Yoshlar siyosati hozirgi kunda yurtimizda dolzarb mavzulardan biri bo’lib qolmoqda. Ularni komil inson ruhida tarbiyalash, huquqiy va siyosiy savodxonligini oshirish Yoshlar Ittifoqi hamda Yoshlar Ishlari Agentligining ustuvor vazifalaridan hisoblanadi. Bu maqsadlarni amalga oshirishda boshlang’ich tashkilot yetakchilarining roli muhimdir. Shuni hisobga olgan holda Yoshlar Ittifoqi va Yoshlar ishlari agentligi tashabbusi bilan 5-maydan 7-mayga qadar Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani Yoshlar oromgohida  Yoshlar ittifoqining umumiy o‘rta ta’lim maktablaridagi boshlang’ich tashkilot yetakchilari ishtirokida navbatdagi “Respublika forumi” bo’lib o‘tdi. Unda Respublikamizning Buxoro, Jizzax, Namangan viloyatlari hamda Qoraqalpog’iston Respublikasidan umumiy 215 nafar boshlang’ich tashkilot yetakchilari ishtirok etdilar.

Forumda turli soha vakillari tomonidan yosh yetakchilar uchun seminar-treninglar tashkil etildi.  Jumladan Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining Xalqaro munosabatlar fakulteti, Siyosatshunoslik yo‘nalishi 2-bosqich talabasi Temurbek Ergashev ham yig’ilgan yosh liderlarga “Diplomatiya: etiket va siyosiy imidj” mavzusida seminar o’tkazdi. Unda yetakchilar uchun muhim bo‘lgan notiqlik xususiyatlari hamda siyosiy imidjning lider yoshlar uchun muhim jihatlari yoritildi. Yoshlar sohaga oid o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob topishdi.

Seminar-trening yakunida yetakchi yoshlarga tantanali ravishda sertifikatlar topshirildi.