07.05.2021 4022

Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti professori, s.f.d. Ibrohim Mavlonovning Ikkinchi Jahon urushidagi Gʻalabaga bagʻishlangan sheʼriy toʻplami taqdimoti boʻlib oʻtdi. “Muqaddas Gʻalaba xabarini keltirgan qaldirgʻochlarga” (Ласточкам, принесшим весть Святых Побед) deb nomlangan asar 9-may – Xotira va Qadrlash kuni arafasida tayyorlandi.

Muallif oʻz sheʼriy toʻplamini Ikkinchi Jahon urushi ishtirokchisi otasi Rajabboy Mavlonov va front xizmatchisi boʻlgan onasi Aleksandra Mavlonova-(Soboleva)larga bagʻishlagan.  Sheʼrlar yozish gʻoyasi muallifda urushda otasining qatnashgani, frondagi mehnat haqidagi onasining hikoyalari sabab 14 yoshida paydo boʻlgan. Tadbirda I.Mavlonov oʻz davrida tengdoshlari qiyinchilik davrlari yoritilgan romanlar, xotiralar, badiiy filmlar bilan ulgʻaygani, oʻtmish sinovlarini chuqurroq anglashga koʻmak bergan Ikkinchi Jahon urushi qatnashchilari va qahramonlarining hikoyalari haqida gapirib berdi.

Muallif yakshanba kunlari otasining frontdagi quroldosh doʻstlari ularnikida tez-tez yigʻilishib janglarni gapirib berishlarini esga oldi. Oʻsha vaqtdagi yoshlar esa bugun gʻurur bilan oʻz avlodlariga ota-bobolarining qahramonliklarini soʻzlab bermoqda.

Xalq tinchligi va farovonligi uchun jonini fido qilgan ajdodlarimizni yod etish, ularning xotirasiga xurmat bajo keltirish har birimizning burchimizdir. Oʻtmishdagi ogʻir judoliklarni hech qachon unutmaslik lozim.