27.04.2021 2643

Joriy yilning 26-aprelida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rahbariyati hamda Xitoyning yetakchi OTMdan biri boʻlgan Shanxay universiteti oʻrtasida muzokaralar boʻlib oʻtdi.

Videokonferensiya koʻrinishida tashkil etilgan muloqotda tomonlar ikki universitet oʻrtasida ilmiy-akademik va qoʻshma oʻquv dasturlari boʻyicha hamkorlik masalalarini muhokama qildilar.

Onlayn uchrashuvda tomonlar raqamli iqtisodiyot, xalqaro biznes va raqamli moliya kabi yoʻnalishlarini oʻz ichiga oluvchi ikki diplomli qoʻshma magistratura dasturini yoʻlga qoʻyish istiqbollarini muhokama qilishdi. Mazkur yoʻnalishlarda qoʻshma magistratura dasturini ishlab chiqish va hamkorlik Memorandumini imzolash boʻyicha kelishib olindi.

Maʼlumki, Xitoy raqamli iqtisodiyot rivojlangan dunyo mamlakatlari safida yetakchi oʻrinda. Oʻzbekistonda ham raqamli iqtisodiyot bilan bogʻliq yoʻnalishlar rivojini hisobga olgan holda Shanhay universiteti bilan amalga oshirilayotgan hamkorlik sohada yuqori malakali kadrlarni yetkazib berishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Shanxay universiteti 1922-yilda tashkil etilgan hamda Xitoy va dunyodagi yetakchi taʼlim muassasalari reytingidan joy olgan. Universitetda 67 ta bakalavriat, 131 ta magistratura va 37 ta doktorantura dasturlari boʻyicha mutaxassislar tayyorlanadi. Shanxay universitetiga har yili 2000 dan ortiq xorijlik talabalar oʻqishga qabul qilinadi.