23.04.2021 2391

Aleksandr  Gorchakov nomidagi ommaviy diplomatiyani qoʻllab-quvvatlash Fondi, Oʻzbekistondagi SHHT xalq diplomatiyasi markazi hamkorlikda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida oʻzaro doʻstona muloqot oʻtkazdilar. “Rossiya va Oʻzbekiston: hamkorlik masalalari” mavzusida tashkil etilgan uchrashuvni A.Gorchakov nomidagi ommaviy diplomatiyani qoʻllab-quvvatlash Fondi direktor oʻrinbosari Darya Lobanova hamda Oʻzbekistondagi SHHT xalq diplomatiyasi markazi direktori Qobiljon Sobirovlar kirish soʻzi bilan ochib berishdi. Unda Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasida deyarli barcha sohadagi olib borilayotgan hamkorlik munosabatlari haqida ijobiy fikrlar bildirildi. Xususan,  oʻzaro tovar aylanmasining miqdori (2020-yilda bu koʻrsatkich 15 %ga oshib 5,9 mlrd dollarni tashkil etdi), biznes-forumlar, koʻrgazmalar, hukumatlararo komissiyalarning muntazam oʻtkazilishini alohida taʼkidlab oʻtish mumkin.

Shundan soʻng, uchrashuvning “Pandemiyaning Rossiya-Oʻzbekiston munosabatlariga taʼsiri: YEOII va Oʻzbekiston oʻrtasidagi munosabatlarning rivojlanish istiqbollari singari savdo-iqtisodiy jihatlar” mavzusidagi 1 boʻlimi boshlandi. Boʻlim moderatori JIDU Xalqaro munosabatlar fakulteti dekani Murat Bahodirov ishtirok uchun yigʻilganlarga minnatdorchilik bildirdi. Mazkur boʻlimda Ye.M. Primakov nomidagi RFA Jahon iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar milliy tadqiqot institutining Sovet davridan keyingi tadqiqotlar markazi boʻlim mudiri, yetakchi ilmiy xodim, s.f.n. Yelena Kuzmina, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi bosh ilmiy xodimi Nodira Qurbonbayeva va RFA Jahon iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar milliy tadqiqot institutining Markaziy Osiyo boʻlimi mudiri, s.f.d. Dina Malishevalarning maʼruzalari tinglandi.

Keyingi “Rossiya va Oʻzbekiston madaniy-gumanitar hamkorligi, fan, taʼlim, fuqarolik jamiyati aloqalari” deb nomlangan boʻlimda moderatorlik qilgan Ommaviy diplomatiyani qoʻllab-quvvatlash Fondi loyiha rahbari Andrey Gorbunov ikki davlatning ijtimoiy sohadagi hamkorligiga qaratilgan keyingi maʼruzalarga navbat berdi. Unda M.V.Lomonosov nomidagi MDU axboriy-tahlil markazi direktori Darya Chijova, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining zamonaviy tarixni muvofiqlashtirish va uslubiy markazi boʻlimi mudiri, t.f.d, professor, Mirzohid Rahimov, Rossiyadagi MDXMI diretori, s.f.n. Ivan Safranchuk, va “Taraqqiyot strategiyasi” markazi bosh mutaxassisi Jamshid Sharipovlar qatnashishdi.

Doʻstona koʻrinishda oʻtgan uchrashuvda ikki davlat ekspertlari hamkorlik munosabatlarning koʻrsatkichlari va kelgusidagi istiqbollari boʻyicha fikr almashdilar.