JIDU prorektori G.Ismailova "Tashkent Law Spring" II Xalqaro yuridik forumida qatnashdi
23.04.2021 2686
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti Ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektor Gulnoza Ismailova “Tashkent Law Spring” II Xalqaro yuridik forumida ishtirok etdi. Tadbir Adliya vazirligi tomonidan asosiy hamkorlar — Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti va qator boshqa xalqaro tashkilotlar koʻmagida oʻtkazilmoqda. Yuzaga kelgan sharoitlarni hisobga olgan holda joriy yilda forum gibrid formatda, yaʼni xorijiy mehmonlarning masofaviy, milliy ekspertlarning bevosita ishtirokida oʻtmoqda.
“Davlatning huquqiy siyosati: zamonaviy muammolar va kelgusi tendensiyalar” mavzusidagi sessiyada ishtirok etgan G.Ismailova xalqaro munosabatlar, jahon iqtisodiyoti va xalqaro huquq sohalaridagi yangi yoʻnalish va formatlar, raqamlashtirish jarayoni haqida oʻz fikrlarini bildirdi. Jumladan nutqda xalqaro munosabatlarda raqamlashtirishning 4 ta asosiy tarkibiy qismi:
- raqamli diplomatiya
- yirik maʼlumotlar va maʼlumotlar diplomatiyasi
- internetni global boshqarish
- raqamli saylov texnologiyalari yetakchi davlatlar tomonidan keng foydalanilayotgani taʼkidlandi.
Aynan mazkur tushunchalar zamonaviy jahon siyosatidagi reallikka, xalqaro munosabatlarda yangi turni yuzaga kelishi va umuman xalqaro tizimning shakllanishiga katta taʼsir qiladi.
Axborot va raqamli texnologiyalarni rivojlantirish inson huquqlari sohasiga katta eʼtibor qaratish zaruratini yaratdi. Bir qator taniqli tadqiqotchilar inson huquqlarining yangi koʻrinishi – raqamli inson huquqlari paydo boʻlganligini taʼkidlamoqdalar.
Raqamlashtirish nafaqat “raqamli inson huquqlari” tushunchasini vujudga keltirdi, balki inson huquqlarini himoya qilishning elektron sud kabi yangi mexanizmlarini yaratishga ham yordam beradi.
Tadbir ishtirokchilari tomonidan bildirilgan fikrlar asosida tizimni rivojlantirish boʻyicha taklif va mulohazalar tinglandi. Forumning 2 kuni davom etmoqda.