23.04.2021 6297

Bugungi kunda til butun dunyo bo‘ylab ikki milliarddan ortiq odamlar uchun aloqa vositasiga aylangan. Vaholanki, bundan 15 asr oldin ham barcha uch qabilalar kundalik hayotidagi muloqot uchun til muhim rol o‘ynagan. Hozirgi kunda ingliz tilining dunyo miqyosida kundan kunga nufuzi yanada ortib borayotganini yoshlar hayotida tutgan o‘rnidan bilish qiyin emas. Yon-atrofimizda til o‘rganuvchi yoshlar, ayniqsa, talabalar soni ortayotir. Qayerga qarasangiz, ingliz tilini o‘qitish kurslari tashkil etilganiga, o‘quv kurslari e’lonlariga ko‘zingiz tushadi.

Jahon hamjamiyatida o‘z muhim o‘rniga ega nufuzli Birlashgan Millatlar Tashkiloti rasmiy ishchi tillaridan bo‘lgan arab, xitoy, ingliz, fransuz, rus va ispan tillari orasida ingliz tilining alohida ahamiyat kasb etishiga eng birinchi sabablardan biri uning kompyuter dasturlash va internet tili ekanligidadir.

Tarixdan ma’lumki, Birinchi Jahon urushi qarz beruvchi mamlakat yetakchilari bo‘lmish ingliz siyosatchilari urushdan so‘ng, qarzdor davlatlarning boshqaruvchilariga aylangan. XX asrning ikkinchi yarmida esa butun dunyoda AQShning taraqqiy etgan davri boshlangan. Qachonlardir Angliya mustamlakasi bo‘lgan AQSh dunyoda eng kuchli mamlakatga aylanib, o‘z mahsulotlari bilan jahon bozorlarini to‘ldirdi. Amerikada kompyuter va internet yaratilishi ingliz tilini butun yer shariga tarqalishiga olib keldi. Ushbu mamlakatdagi hayot tarzi butun dunyo aholisida qiziqish uyg‘otib, amerikaliklarga yaqinroq bo‘lib, ular bilan muloqot qilish maqsadida ko‘plar ingliz tilini o‘rgana boshladi.

Bugun ingliz tili butun dunyodagi eng muhim muloqot tili sifatida e’tirof etilmoqda. Shuni alohida ta’kidlash lozimki, ushbu til dunyoning 70 mamlakatida rasmiy aloqa vositasi sanaladi. Ingliz tili 500 milliondan ko‘proq kishining asosiy muloqot tili bo‘lib, yana 1 milliard 300 millionga yaqin inson uchun ikkinchi til hisoblanadi. Yil sayin xalqaro tashkilotlarda va korxonalarda ishlayotgan odamlar soni oshib bormoqda va bu ularning ish sohasidagi kerak bo‘ladigan ingliz tilini yaxshilash va muvaffaqiyatga erishish uchun ajoyib imkoniyat hisoblanadi.

Ta’kidlash lozimki, dunyoning deyarli yarim adabiyoti aynan ingliz tilida nashr etilganligi, hatto ingliz tili taniqli buyuk ingliz adiblari Uilliam Shekspir, Jonatan Svift, Volter Skot, Charlez Dikkenz kabilarning tili ekanligi, dunyoda bu tilda hatto xitoy mandarin lahjasi va hindi tillaridan ham ko‘proq dunyo aholisi gaplashishi  ham ingliz tilini jahon hamjamiyatida muhim o‘rin egallashiga yaqqol misoldir.

Bugungi kunda 23-aprel sanasi butun dunyoda “Xalqaro ingliz tili bayrami kuni” sifatida keng nishonlanib kelinmoqda. Ushbu bayram ilk bora 2010-yilda arab tili kuni, xitoy tili kuni, fransuz tili kuni, rus tili kuni va ispan tili kuni bilan bir qatorda nishonlandi. Ushbu tillar BMTning maxsus ishchi tillari bo‘lib, bu kunlarni nishonlash orqali jahonda ushbu tillarni o‘rganishga bo‘lgan qiziqishni oshirish ko‘zda tutilgan.

Xo‘sh, nega aynan bayram sifatida nishonlash uchun 23-aprel sanasi tanlangan? Chunki  ushbu kunda “Romeo va Juletta”, “Qirol Lir”, “Otello”, “Makbet” kabi nodir asarlar muallifi, uyg‘onish davri buyuk ingliz dramaturgi va shoiri Uilliam Shekspir tavallud topgan kun ekanligi ham ingliz tilini xalqaro til o‘rnida yanada mavqeini oshirganligini e’tirof etish mumkin.

Bugun ingliz tilini chuqur o‘rganish, uni bilish har bir o‘qimishli inson uchun, har qanday soha egasi bo‘lishni xohlagan talabalar uchun juda muhimdir.

Dilmurod Dilmurodov,
“Xalqaro munosabatlar” fakulteti 1-bosqich talabasi