15.04.2021 1645

2021-yil 15-aprel kuni yuridik kadrlarni tayyorlash sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi Memorandum doirasida tashkil etilgan “Bo‘lajak prokurorlar klubi” a’zoligi uchun O’zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Kadrlar boshqarmasi vakillarining “Xalqaro huquq” fakulteti talabalari bilan suhbati tashkil etildi.

Tashkil etilgan suhbat davomida talabalar o‘z bilimlari va mahoratlarini namoyish etdilar. Bundan tashqari talabalar Bosh prokuraturaning oliy ta’lim muassasalari bilan yuridik kadrlarni tayyorlash bo‘yicha yaqindan hamkorligi, bo‘lajak prokurorlar klubining tashkil etilishi, uning maqsadlari va faoliyatining asosiy yo‘nalishlari, klub a’zoligiga qabul qilish hamda uning ishini tashkil etish tartibi haqida batafsil ma’lumotga ega bo‘ldilar.

Klub a’zolariga o‘quv yili davomida o‘qishdan bo‘sh vaqtlarida prokuratura organlarida ish o‘rganishni o‘tash, nazariy bilimlarini amaliyotda qo‘llash, mutaxassislikka oid turli xil ko‘rik tanlovlar va sport tadbirlarida qatnashish imkoniyati yaratilishi ta’kidlandi.

Tadbir ishtirokchilari tomonidan mazkur uchrashuv va suhbat muhim ahamiyatga ega ekanligini, yuridik sohadagi talabalarni birlashtirish, nazariyaning amaliyot bilan uyg‘unligini ta’minlash va har tomonlama yetuk, yuqori malakali yuridik kadrlarni tayyorlashga xizmat qilishini qayd etib o‘tdilar.

Uchrashuv davomida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.